AQSh federal sudi Tramp ma’muriyatiga CNN, MS NOW va Politico jurnalistlarining Oq uyga kirish huquqini zudlik bilan tiklashni buyurdi.
Sudya Tim Kelli prezident Donald Tramp joriy qilgan taqiq katta ehtimol bilan AQSh Konstitusiyasiga zid ekanini bildirdi va bu taqiqni 14 kunga to‘xtatib qo‘ydi. Ish bo‘yicha sud jarayoni davom etadi.
18 sentyabrda AQSh prezidenti CNN, MS NOW va Politico jurnalistlarini “soxta xabarlar tarqatish”da ayblab, ularning Oq uyga kirishini taqiqlagan edi. Shundan so‘ng ushbu ommaviy axborot vositalari birgalikda sudga da’vo kiritdi.
Da’voda taqiq so‘z va matbuot erkinligini kafolatlovchi AQSh Konstitusiyasi moddasiga zid ekani, shuningdek, jurnalistlarni qonunda nazarda tutilgan qaror ustidan shikoyat qilish imkoniyatidan mahrum qilayotgani aytilgan.
CNN, MS NOW va Politico'ni matbuot erkinligini himoya qiluvchi tashkilotlar hamda o‘nlab ommaviy axborot vositalari qo‘llab-quvvatladi. Ular jurnalistlarni tahririyatning pozisiyasi sababli Oq uyga kiritmaslik AQSh Oliy sudi amaliyotiga zid ekanini bildirgan qo‘shma bayonot e’lon qildi. Hujjatni Reuters, The Washington Post va Fox News ham imzolagan.
Oq uy telejurnalistlari guruhiga kiruvchi Qo‘shma Shtatlarning to‘rtta yirik telekanali — ABC, CBS, NBC va Fox News ham birdamlik sifatida Donald Tramp ishtirokidagi tadbirlarni yoritishdan bosh tortdi. CNN ushbu guruh tarkibiga kiradi.