Bugun 12 yanvar, 2025 yil, yakshanba

КИР

Chiqindilarni boshqarish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi

Chiqindilarni boshqarish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi

Joriy yilning 9 yanvar kuni Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi Axborot xizmati xabar berdi.

Unda senatorlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining Agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari a’zolari, Yoshlar parlamenti a’zolari, Qo‘mita huzuridagi Ekspert guruhi a’zolari, Ekologiya vazirligi va mas’ul tizim tashkilotlar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ham muhokama qilindi.

Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik va Uy-joy kodekslariga, “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonunlarga qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lgan iste’molchilar qisqa xabar (SMS) orqali xabardor qilinganidan keyin mazkur qarzdorlik bartaraf etilguniga qadar ulardan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishni vaqtinchalik cheklashga qaratilgan huquqiy normalar belgilanishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qonunda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun to‘lovlarni hisob-kitob qilishning ishonchliligi hamda to‘g‘riligi uchun javobgar bo‘lishi belgilanmoqda.

Uy-joy kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartirishga ko‘ra, endi majburiy to‘lovlar uch oydan ortiq to‘lanmagan taqdirda davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga, arendaga oluvchilariga qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish ham to‘xtatib turilmaydi.

Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga, arendaga oluvchilariga kommunal xizmatlar ko‘rsatish majburiy to‘lovlar uch oydan ortiq to‘lanmagan taqdirda to‘xtatib turilishidan qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash hamda olib chiqish xizmatlari mustasno ekanligi nazarda tutilmoqda.

Kiritildi: Bugun 11:19. O'qildi: 369 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!