Ijtimoiy tarmoqlarda “Toza Makon-billing” dasturiy kompleksi ishga tushirilishi munosabati bilan 31 oktyabr soat 23:50 dan 5 noyabr soat 23:50 gacha profilaktika ishlari olib borilishi sababli chiqindi uchun barcha turdagi to‘lovlarni amalga oshirish imkoni bo‘lmasligi, natijada elektr energiyasi ham o‘chirilishi haqida xabarlar tarqalgan.
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ xabar berishicha, ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Chiqindidan qarzi borligi uchun elektrdan o‘chirish tartibi mavjud emas.
Ammo Prezident farmoniga asosan sal boshqacharoq tartib joriy etiladi. Ya’ni kimningdir chiqindidan qarzi bo‘lsa, elektr uchun to‘lov amalga oshira olmaydi. Toki chiqindidagi qarzini to‘lamaguncha, elektr hisob raqamingiz uchun pul tashlay olmaysiz.
Lekin bu chiqindidan qarzi borligi uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri «sveti» o‘chiriladi, degani emas. Masalan, sizning elektr hisob raqamingizda 500 ming so‘m pul oldindan to‘lov mavjud, deb tasavvur qilaylik. Va siz chiqindidan ham qarzdor bo‘lib qoldingiz. Lekin bu qarzni to‘lamayapsiz. Shunda siz elektr hisobingizga pul tashlay olmaysiz. Lekin «svetingiz» o‘chirilmaydi, chunki hisobingizda 500 ming so‘m pul bor. O‘sha pul tugamagungacha hech kim sizning «svetingizni» o‘chirmaydi.
Qachonki hisobingizda pul tugab qolsa va siz chiqindidagi qarzingizni to‘lamasangiz, tabiiyki, shundagina «svetingiz» ham o‘chadi. Chunki yuqorida aytganimdek, elektr hisobiga pul tashlay olmaysiz.
Chiqindidan qarzingiz yopilishi bilan, elektrga ham pul tashlashingiz mumkin bo‘ladi. Bor gap shu.
Mazkur tartib 2024 yilning 1 noyabridan butun respublika bo‘ylab chiqindidan 3 oylik qarzi bor shaxslarga nisbatan joriy etiladi. 2025 yil 1 yanvardan esa chiqindidan 1 oylik qarzdorlarga qo‘llanadi.