Chexiya prezidenti Petr Pavel Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralarni istisno etmaydi, chunki uning bahosiga ko‘ra, Rossiya urushni davom ettirish imkonini beruvchi ishchi kuchi va qurol-yarog‘ ta’minotida ustunlikka ega.
"Muzokaralar kelasi yil boshlanishi mumkin, chunki voqealar Ukraina tomoni harbiy ustunlikka ega bo‘lishini ko‘rsatmayapti. Vaqt endi kuchli ishchi kuchini safarbar qilish bazasiga ega Rossiya foydasiga ishlamoqda. Vaqt o‘tishi bilan u anchadan beri yetishmayotgan moddiy bazani to‘ldirishi mumkin bo‘ladi. Biz Shimoliy Koreyadan katta hajmdagi jihoz yetkazilayotganini, sanksiyalarni chetlab o‘tishga urinishlarni ko‘ryapmiz", — deya ta’kidladi Chexiya prezidenti Diplomatiya va xavfsizlik anjumanida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya mojaroni cho‘zishga urinayotgani ko‘rinib turibdi. Shu bilan birga, Pavel G‘arb Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishi kerakligiga ishonchi komil, deb yozadi “Ukrayinskaya pravda”.
"Vaziyat umuman ijobiy emas. Ukraina uchun ijobiy tomoni shundaki, biz ular tomonidamiz va ularni maqsadlariga erishishda qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. O‘z navbatida, bizda qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishdan boshqa ilojimiz ham yo‘q", — deya Chexiya prezidentining so‘zlaridan iqtibos keltiradi nashr.