Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Buxoroda keliniga zulm o‘tkazgan qaynota 4 yilga qamaldi

Buxoroda keliniga zulm o‘tkazgan qaynota 4 yilga qamaldi

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yashovchi 66 yoshli fuqaro 37 yoshli keliniga shafqatsiz muomalada bo‘lib, doimiy ravishda zulm o‘tkazgan va o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga olib borgan. Bu haqda «Daryo»ga jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi raisi Bobur Umarov ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Samarqandda yashovchi fuqaro Sabohat Haqqulova 2013 yil G‘ijduvon tumani «Yangiobod» mahalla fuqarolar yig‘ini Urganjeli qishlog‘ida yashovchi II guruh nogironi Halim Sa’dullayev bilan turmush qurgan.

Qaynota K.S. o‘ziga tegishli uyda turmush o‘rtog‘i, ikki nafar nogiron o‘g‘li, kelini Sabohat Haqqulova hamda nevarasi bilan yashab kelgan. Ro‘zg‘or xarajatlari qaynota zimmasida bo‘lgani bois K.S. o‘zining nogiron farzandlarini ham pul va moddiy daromad topib kelolmaslikda ayblagan. Ayniqsa, kelini Sabohat Haqqulovaga o‘ta rahmsiz muomalada bo‘lib, qo‘rqitgan, uning sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitib kelgan.

Qaynota kelinini fohishalikda gumon qilib, qo‘pol munosabatda bo‘lgan. Uning turmush o‘rtog‘i bo‘lgan o‘g‘lining nogironligini ham yuziga solib, ko‘p bor tekinxo‘rlikda ayblagan.

Qaynota 2018 yilning 9 dekabr kuni kelini bilan ovqatga mahsulotni ko‘p solgani bahonasida janjallashib qolib, uni nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgan, boshiga urgan va tan jarohati yetkazgan. Kamsitishlarga chiday olmagan kelin Samarqandga — otasining uyiga arazlab ketgan. Oradan bir necha kun o‘tgach, qaynona kelinini yana o‘z xonadoniga olib kelgan. Shu voqea sabab qaynota turmush o‘rtog‘i Zulayho Sa’dullayeva bilan ham tez-tez janjallashadigan, uni ham qo‘rqitadigan odat chiqargan. Har kungi janjallarga chiday olmagan qaynona 2019 yil 12 dekabr kuni qizinikiga arazlab ketgan.

2019 yil 14 dekabr kuni soat 16:00 da qaynota yana kelini bilan tortishadi. Kelini va o‘g‘lini nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlaydi. Qaynotasining kamsitish va tazyiqlariga chiday olmagan kelin voyaga yetmagan farzandini olib, qaynonasining yoniga borish uchun ko‘chaga chiqib, yo‘lovchi mashinaga o‘tiradi. Qaynota esa uning ortidan yetib borib, qo‘pollik bilan qo‘lidan tortadi va avtomashinadan tushirmoqchi bo‘ladi. Qaynota kelinini qo‘ni-qo‘shnilar oldida uyatsiz so‘zlar bilan haqoratlaydi. Janjal oldini olmoqchi bo‘lgan qo‘shnilarga ham qo‘pol muomalada bo‘ladi. Kelini qarshilik ko‘rsatganida uning yuziga mushtlab uradi. Pastki jag‘ tishini sindiradi. Tan jarohati yetkazadi va uyga majburiy tarzda olib kiradi.

Janjal ertasi kuni ham davom etgan. Qaynota kelini va nogiron o‘g‘lini oshxonaga kiritmay, ovqat ham bermagan. O‘g‘liga qo‘lidan ish kelmasligini, boqimanda ekanligini aytib, kamsitgan. O‘zi va ijtimoiy himoyaga muhtoj turmush o‘rtog‘ining doimiy kamsitilishiga chiday olmagan kelin shu kuni soat 12:00 da o‘z joniga qasd qilish maqsadida yashash xonadonining oshxonasida bo‘lgan yelim idishdagi benzinni ustiga sepib, o‘zini o‘zi yoqib yuborgan.

Kelin G‘ijduvon tuman tibbiyot birlashmasi reanimasiya bo‘limiga yotqizilgan.

«Qaynotaning kamsitishlari oqibatida o‘z joniga qasd qilgan kelin, fuqaro Sabohat Haqqulova tuman tibbiyot birlashmasining reanimasiya bo‘limida besh kun yotadi. Kelin bilan suhbatda qaynotasi xonadoniga kelin bo‘lib tushgan vaqtdan beri uning xatti-harakatlari natijasida ruhiy azob olgani oydinlashdi. Qaynota kelinining ota-onasi va yaqin qarindoshlari yoniga borib-kelishiga to‘sqinlik qilgan. Yeb-ichishi, kiyinishi, oddiy insonday yashashi uchun na o‘g‘liga, na keliniga shafqat qilgan», — deydi G‘ijduvon tuman prokuraturasi katta tergovchisi Bekzod Vafoyev.

Tergovchining aytishicha, kelin o‘zini yoqishi oqibatida tanasining 98 foizi kuygan.

«Tana a’zolarining 98 foizi kuygan ayol bilan suhbatlashar ekanman, uning irodasi, metin bardoshiga lol qolganimni yashirmayman. O‘zining aytishicha, ayol shunchalar azobda yashaganki, oilaning mahallada yomonotliq bo‘lmasligi uchun, afsuski, bu qiynoqlarni ostonadan tashqariga olib chiqmagan», — deydi tergovchi.

«Yangiobod» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Xolmurod Tursunovning bildirishicha, ushbu oiladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj ikki nafar farzand uchun doimiy ravishda ko‘mak puli va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib turilgan.

Tibbiy muolajalarga qaramasdan, tanasining 95-98 foizi kuygan kelin 2019 yil 20 dekabr kuni vafot etgan.

2020 yil 9 iyul kuni mazkur ishni ko‘rib chiqqan Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi kelinini o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazgan qaynotani 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Kiritildi: 18:31 05.08.2020. O'qildi: 5136 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!