Buxoro shahrida viloyat hokimligi tomonidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan Eng mahoratli pazandalar ko‘rik-tanlovi tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbirda tuman va shaharlarning umumiy ovqatlanish tizimidagi xususiy korxonalar, oziq-ovqat va pazandachilik yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari, xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish o‘quv markazlarining 34 nafar oshpazi tomonidan bayram dasturxoni uchun tayyorlangan mahsulot taomlari sifati, ta’mi, tayyorlash texnologiyasining o‘ziga xosligi baholandi.
Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, tanlovning Eng mahoratli oshpaz yo‘nalishida uch xil navdagi guruchdan Archasimon osh tayyorlagan Vobkent tumanidagi Jahongir Boburmirzo xususiy korxonasi bosh oshpazi Bobur Turdiyev va gaz pechida yaxlit holda qo‘y tanasidan taom tayyorlash mahoratini namoyish etgan Olot tumanidagi Bozorbobo xususiy korxonasi oshpazi Uchqun Jumayev birinchi o‘ringa munosib topildi.
Buxoro o‘zining turli milliy shirinlik va qandolatlari bilan ham mashhurdir. Savdo yarmarkasi ular bilan tanishish uchun keng imkoniyat bo‘ldi. Albatta, tadbirda o‘z kasbining ustalari ham e’tirof etildi. Tanlovning Eng mahoratli milliy shirinliklar ishlab chiqaruvchi yo‘nalishida Buxoro shahridagi Janur i KO mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Jamshid Xodjayev va Amirshoh Fayz Baraka mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Bahodir Kinjayev g‘olib chiqdi.
G‘olib va sovrindorlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Viloyat hokimi O‘.Barnoyev savdo yarmarkasi faoliyati bilan tanishdi.
Manba: darakchi.uz