Buxoro viloyati Kogon shahrida bir erkak tomonidan ayol kishi va yigitni pichoqlangani aks etgan video tarqalgandi. Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov holat yuzasidan ma’lumot berdi.
13 oktyabr kuni taxminan soat 13:10 da Kogon shahrida 1971 yilda tug‘ilgan A.G. ilgaridan mavjud bo‘lgan kelishmovchilik oqibatida ikki tanishi — 1963 yilda tug‘ilgan ayol N.A. va 1995 yilda tug‘ilgan U.D.ni qasddan o‘ldirish maqsadida tanalarining turli sohalariga oshxona pichog‘i bilan urgan.
Oqibatda yigit shahar tibbiyot birlashmasida olgan tan jarohatlari bilan vafot etgan. Ayolga shifoxonada zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Kogon shahar prokuraturasi tomonidan fuqaro A.G.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, prosessual tartibda ushlangan.