Bugun 14 may, 2025 yil, chorshanba

КИР

Buxoro viloyatida kompleks inspektorlik tekshiruvi natijalari tahlil qilindi

Buxoro viloyatida kompleks inspektorlik tekshiruvi natijalari tahlil qilindi

Buxoro viloyatida o‘tkazilgan kompleks inspektorlik tekshiruvi natijalari bo‘yicha Ichki ishlar vaziri general-mayor Aziz Tashpulatov tomonidan, viloyat hamda tuman-shahar ichki ishlar organlarining mas’ul rahbarlari va shaxsiy tarkibi ishtirokida hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.

Tadbirda, respublika ishchi guruhining Buxoro viloyatdagi o‘rganish yakunlariga ko‘ra, har bir shahar va tuman kesimida jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholining murojaatlari bilan ishlash, ularga xizmat ko‘rsatish, jamoat tartibi va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, shuningdek xodimlarning ijro hamda xizmat intizomiga rioya etish masalalari tanqidiy muhokama qilindi.

Kompleks inspektorlik tekshiruvi natijalariga ko‘ra, xizmat faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bir qator rahbarlarga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llanildi.

Jumladan, Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari – Tergov boshqarmasi boshlig‘i, viloyat IIB Huquqiy statistika va tezkor hisob ma’lumotlar markazi boshlig‘i, Buxoro shahar IIO FMB boshlig‘ining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i, G‘ijduvon tumani Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari – Tezkor qidiruv xizmati boshlig‘i hamda yana bir o‘rinbosari — Tergov bo‘limi boshlig‘i, shuningdek Kogon tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari – Tezkor qidiruv xizmati boshlig‘i egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari – Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i, Tergov boshqarmasi boshlig‘ining ikki nafar o‘rinbosari, viloyat IIB Kotibiyat boshlig‘i, G‘ijduvon tumani Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i, Kogon tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va uning o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshliqlariga intizomiy jazolar qo‘llanildi.

Yig‘ilishda mutasaddilarning hisobotlari hamda takliflari tinglandi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq muddatlar belgilanib, viloyat IIB hamda tuman-shahar ichki ishlar bo‘linmalarining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash hamda yechimini kutayotgan boshqa masalalar yuzasidan istiqbolli vazifalar rejalashtirildi.

Kiritildi: 09:59 21.04.2025. O'qildi: 878 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!