Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurorti quriladi. Bu 8 avgust kuni prezident tomonidan imzolangan tegishli qarorda nazarda tutilgan.
“Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurortini qurish maqsadida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida 47,9 million yevro miqdoridagi qarz mablag‘larini jalb qilish yuzasidan kelishuv imzolandi.
Loyiha doirasida Milliy bank tomonidan 20 million dollar miqdorida taqdim etiladigan kreditning garov ta’minoti sifatida “Beldirsoy-Chimyon-Nanay” xalqaro umummavsumiy kurortini qurish va ekspluatasiya qilish bo‘yicha loyiha ofisi” davlat unitar korxonasi tomonidan sotib olinadigan uskunalar belgilandi.
Qayd etilishicha, Suv ta’minoti va oqova suv ob’ektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi suv ta’minoti va oqova suv tarmoqlarini quradi. "Hududiy elektr tarmoqlari” elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi loyiha doirasida 2 515 m balandlikdagi o‘rta-stansiyasigacha vaqtinchalik yo‘l o‘tkazadi.
“O‘zbektelekom” telekommunikasiya tarmoqlarini tortish va o‘rnatish ishlarini bajaradi.
Hujjat bilan transport tashkilotlari avtomobil yo‘llarida og‘ir yukli va yirik gabaritli transport vositalarining harakatlanishi uchun to‘lovlardan ozod etildi.