Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Burchmullo davlat o‘rmon xo‘jaligiga qarashli “Axsarsoy” hududida ayiq o‘ldirilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Ekologiya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, o‘tkazilgan reyd davomida hududdan hayvon terisi topilgan. Fanlar akademiyasining Zoologiya institutida ashyoviy dalillar o‘rganilganda, u Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘iga tegishli ekani ma’lum bo‘lgan. Noma’lum shaxslar ayiqni arqon bilan o‘ldirib, hayvon tanasining barcha qismlarini olib, terisini voqea joyida qoldirishgan.
Ma’lumot uchun, Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i O‘zbekiston Qizil kitobiga va CITES I ilovasiga zaif, keng tarqalgan, lekin mozaik tarzda tarqalgan kichik tur sifatida kiritilgan. Uni ov qilish qat’iyan man etilishi keltirilgan.
Qonunbuzarlarning shaxsini aniqlash maqsadida Toshkent viloyati IIBga to‘plangan ma’lumotlar yuborilgani aytilmoqda.