Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Bu ishingiz eng savobli amallardan biri bo‘ladi!

Bu ishingiz eng savobli amallardan biri bo‘ladi!

Bemor kishini ziyorat qilish Islom dinida eng savobli amallardan hisoblanadi. Hatto Ibn Hamadon rahmatullohi alayhi bemorlarni ziyorat qilish farzi kifoya, deganlar. Hazrat Shayx Taqiyiddin: «Kasalni ziyorat qilish borasida kelgan dalillar kasalni ziyorat qilish vojibligini taqozo etadi», deganlar.

«Shir’atul islom» kitobida aytilgan: «Har kishi bemorni so‘ramoqqa borsa, bemorning ikki tizzasiga yaqinroq o‘tiradi. Bemorning Bosh tarafida o‘tirmaydi. Kasal huzuriga borgan kishi chap va o‘ng tarafga qaramay, bemor tarafiga qarab turadi. Yana bemorning yuziga qaramaydi. Yangi libos kiyib kirmaydi.

Achchiq nazar birla qaramaydi. Va yana «Inshoalloh, tezroq sihat topasiz. Umringiz uzun bo‘lur», deydi. Bu so‘zlar bilan uning ko‘ngli xursand bo‘ladi. Bemorning oldida uzoq o‘tirilmaydi. Qo‘lini bemorning peshonasiga yo qo‘liga qo‘yib, mehribonlik bilan ahvoli qan­dayligi so‘raladi. Bemorning oldida o‘zga so‘z aytilmaydi. Va undan duo qilish so‘raladi». «Shir’atul islom» kitobida yana aytiladi: «Har vaqt bemor sidqu ixlos birla duo qilsa, farishtalar duosidekdur». So‘raguchi «shifo bergay», deb duo qiladi. Zeroki, Rasuli Xudoning sunnatlaridir. (Bemor) yana gunohlariga tavba qilsa durust. Xudodan panoh tilanadi. Va yana molining uchdan biriga vasiyat qiladi. Xudoning farzini, Rasuli Xudoning sunnatlarini ado etmoqqa sa’y qiladi. Dushmanlarini rozi qilsin». O‘limni har soat yodiga oladi. Zeroki, har sog‘ odam ham o‘limni har kun yigirma to‘rt marotaba yodiga olsa, Xudoyi taolo (qalbini) zinda (tirik) qilgay. Kitoblarda aytilishicha, har kishi o‘limni do‘st tutsa, joni tanasidan judo bo‘lganda diydoriga vosil qilishiga umid bor. Xudoning yodidan o‘zgani yod etmaydi. Agar mo‘min o‘limga yaqin bo‘lsa, bir yaxshi yerni xushbo‘y qilsinki, to farishtalar kelgay. Mo‘min agar qattig‘liq birla jon bersa, ta’na qilmasin, shoyadki, gunohini shu sabab yarlaqasa.

«Sharhi Avrod»da aytilishicha: «O‘ng yonidan yotqizib, yuzi qiblaga qilinadi. Bizning viloyatda halqa (chal­qancha) yotquzmoqni ixtiyor qilishgan, toki jon chiqmoq oson bo‘ladi. Ammo avvalisi sunnatdur. Yana u holda Kalimai shahodat talqin qilinadi. U odamga eshittirib aytsin, lekin «ayt» demasin”.

Kitoblarda kelishicha, boshida Yosin surasini o‘qimoq sunnatdir. Agar jon chiqar bo‘lsa, «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un» deyiladi. Uning ko‘zi yumdiriladi va engagi bog‘lanadi. A’zolari sovimay rost qilinadi (o‘tqaziladi).

Alhamdulilloh, yurtimiz tinch, turmushimiz osuda, bemorlarimizga klinika va shifoxonalarda davolanish uchun barcha jihoz va sharoitlar muhayyo, lekin bemordan hol-ahvol so‘rashning o‘ziga xos ahamiyati borki, u xal­qimizning o‘zaro mehr-oqibati nishonasidir.

Bemorni ziyorat qilishga ushbu keltiriladigan hadislar ajoyib dalildir:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: حقُّ الْمُسْلِمِ علَي الْمُسْلِمِ خَمْسٌ: رَدُّ السَّلاَمِ، وَعِيَادَةُ الْمَرِيضِ، وَاتِّبَاعُ الْجَنَائِزِ، وَإجَابَةُ الدَّعْوَةِ، وَتَشْمِيتُ العَاطِسِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

  1. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasu­lulloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlarini eshitganman: «Musulmonning musulmon zimmasidagi haqi beshta:

– ko‘rishib qolsa, salom berish;

– agar biror kasallikka chalinsa, borib ko‘rish;

– vafot etsa, uning orqasidan ergashish (ya’ni janozasida qatnashish);

– (biror marosimga yo yig‘inga) chaqirsa, ijobat qilish;

– aksirib, «Alhamdulillah» desa, unga «Yarhamu­kalloh» deyish» (Imom Buxoriy rivoyati).

عَنْ ثَوْبَانَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيّ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ الْمُسْلِمَ إِذَا عَادَ أَخَاهُ الْمُسْلِمَ لَمْ يَزَلْ فِي خُرْفَةِ الْجَنَّةِ حَتَّي يَرْجِعَ. رَوَاهُ مُسْلِمُ

  1. Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bunday mar­hamat qiladilar: «Bemor birodarining ziyoratiga borgan musulmon kishi to qaytib kelguncha, jannat bog‘lari ichra sayr qilib yurgan bo‘ladi» (Imom Muslim rivoyati).

عَنِ النَّبِيّ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ قَالَ: عُودُوا الْمَرْضَي وَشَيِّعُوا الْجَنَائِزَ فَإِنَّهُ يُذَكِّرُكُمُ الْآخِرَةَ.

  1. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qiladilar: «Bemorlarni ko‘rgani boring­lar, janozani kuzatinglar (ya’ni, unda ishtirok etinglar). Chunki bu sizlarga oxiratni eslatadi.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِنَّ اللهَ عَزَّ وَجَلَّ يَقُولُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ: يَا ابْنَ آدَمَ، مَرِضْتُ فَلَمْ تَعُدْنِي، قَالَ: يَا رَبِّ كَيْفَ أَعُودُكَ وَأَنْتَ رَبُّ الْعَالَمِينَ؟ قَالَ: أَمَا عَلِمْتَ أَنَّ عَبْدِي فُلاَنًا مَرِضَفَلَمْ تَعُدْهُ، أَمَا عَلِمْتَ أَنَّكَ لَوْ عُدْتَهُ لَوَجَدْتَنِي عِنْدَهُ؟… رَوَاهُ مُسْلِم.

  1. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Alloh azza va jalla qiyomat kunida bunday deydi: «Ey odam bolasimen kasal bo‘ldimmeni ko‘rgani kelmading!» Banda: «Yo Rabb, Seni qanday qilib ko‘rgani boraman, axir Sen olamlarning Rabbisan-ku?» – deydi. Alloh: «Bilmas­miding, falonchi bandam kasal edi, uni ko‘rgani borma­ding? Bilmasmiding, agar sen uni ko‘rgani borganingda uning huzurida Meni toparding?» (Imom Muslim rivoyati).
  2. Rivoyat qilinishicha, bir kishi Ummu Dardo ro­ziyallohu anhuning oldiga kelib, qalbining qattiq­ligidan shikoyat qildi. U kishi ovutdilar: «Uning eng katta davosi kasallarni borib ko‘rish, janozaga qatna­shish va qabristonni ziyorat qilish». U kishi bir muddat shunday qildilar va qalbi yumsha­ga­nini sezib, ichida bir xursandchilik to‘ydi, so‘ng U­mmu Dar­doning oldiga kelib: «Sizni Alloh taolo mukofatlasin», dedi.

Barcha ezgu amallar kabi bemorni ziyorat qilishni ham astoydil, ixlos bilan ado etish lozim. Bu haqda Payg‘ambari­miz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ عَادَ مَرِيضًا نَادَي مُنَاد مِنَ السَّمَاءِ: طِبْتَ وَطَابَ مَمْشَاكَ وَتَبَوَّأْتَ مِنَ الْجَنَّةِ مَنْزِلاً. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَه.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar:

«Bir odam bemor kishini faqat Alloh taolo roziligi uchun ko‘rishga borsa, Alloh taolo u haqda bunday deydi: «Juda yaxshi qilding. Borishing ham chiroyli bo‘ldi. Jannatda o‘zingga bir manzil tayyorlading» (Imom Ibn Moja rivoyat.

Bormaslik xijolatli ish deb malomatdan qo‘rq­qanidan xastalar ziyoratiga borishda savob yo‘q. Chunki u atrofdagilardan uyalganidan bordi. Alloh taolo rizosini topishni niyat qilgani yo‘q. Bunday ziyoratga kishi hech qanday savob olmaydi. Balki gunohkor ham bo‘lishi mumkin.

Agar kasal boshqa din vakili bo‘lsa ham, ziyorat qilib, holidan xabar olish dinimizda maqtalgan.

عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ كَانَ غُلاَمٌ يَهُودِيٌّ يَخْدُمُ النَّبِيّ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَمَرِضَ، فَأَتَاهُ النَّبِيّ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَعُودُهُ، فَقَعَدَ عِنْدَ رَأْسِهِ فَقَالَ لَهُ: أَسْلِمْ. فَنَظَرَ إِلَي أَبِيهِ وَهُوَ عِنْدَهُ فَقَالَ لَهُ أَطِعْ أَبَا الْقَاسِمِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَأَسْلَمَ، فَخَرَجَ النَّبِيّ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَهُوَ يَقُولُ: الْحَمْدُ للهِ الَّذِي أَنْقَذَهُ مِنَ النَّارِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yahudiy xizmatkorlari bor edi(Bir kuni) u kasal bo‘lib qoldiRasululloh sollallohu alayhi va sallam uning holidan xabar olgani bordilarUning boshi tarafiga o‘tirib: «Islomni qabul qil», desalar, u oldida turgan otasiga qaradi. Otasi: «Abul Qosimga (bu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning kunyalari) itoat qil», dedi. U yigit Islomni qabul qildi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam chiqib ketayotib: «Uni (yigitni) do‘zaxdan xalos qilgan Allohga hamd bo‘lsin», dedilar» (Imom Buxoriy rivoyat qilganlar).

manba: hidoyat.uz

Kiritildi: 07:45 10.10.2019. O'qildi: 4705 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!