Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi uchuvchisiz samolyotlar to‘dasini zararsizlantirish uchun yangi radio to‘lqinli qurol muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilganini e’lon qildi.
Departament ma’lumotiga ko‘ra, armiya uchun bir guruh o‘zi uchar qurilmalarga qarshi kurashish ko‘nikmasini o‘zlashtirish maqsadini ko‘zlagan mazkur yirik mashg‘ulot G‘arbiy Uelsda bo‘lib o‘tgan.
– Ko‘rinmas qurol ilk bor dronlar galasini urib tushirdi, – deyilgan hukumat veb-saytida tarqatilgan bayonotda. – Bunday aslaha ehtimoliy dron tahdididan himoyalanishda yordam beradi, chunki urush tabiati o‘zgaruvchan.
Yangi tizimning namunaviy rusumi radio chastotaga yo‘naltirilgan energiya quroli (RF DEW)ning bir turi bo‘lib, bir necha nishonni lahzada zararsizlantirish qobiliyatiga ega.
Qirollik ayni tadqiqot va ishlanmalarga 40 million funt sterling sarmoya kiritdi. Dastlabki namuna Fransiyaning “Thales” mudofaa kompaniyasi Britaniya bo‘limi boshchiligidagi sanoat konsorsiumi tomonidan tayyorlangan.
Tizim yuqori chastotali radio to‘lqindan dron ichidagi muhim qismlarni buzish yoki shikastlash uchun foydalanadi. Hujum oqibatida o‘zi uchar uchoq noto‘g‘ri ishlay boshlaydi yoki butunlay ishdan chiqadi.
Agar ushbu tizim qurol zaxirasiga qabul qilinsa, an’anaviy raketaga asoslangan havo hujumidan mudofaa tizimi sezilarli darajada kuchayishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, RF DEW bir kilometrgacha masofadagi havo nishoniga zarba bera oladi.