Rossiya Federasiyasining Qozon shahrida o‘tayotgan «BRIKS» o‘yinlarining uchinchi kungi bahslari sarhisobiga ko‘ra, sportchilarimiz 6 ta sovrinli o‘rinlarga ega chiqdi.
O‘zbekiston sportchilaridan sinxron suzish musobaqasida 1 ta kumush, akademik eshkak eshish bahslarida 1 tadan kumush va bronza, karatechilarimiz 3 ta bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
«BRIKS» o‘yinlarida poyoniga yetgan karate musobaqalari sarhisobiga ko‘ra, umum jamoada 4 ta oltin, 5 ta kumush, 5 ta bronza medallari bilan Rossiya terma jamoasi 1-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, xitoylik karatechilar 3 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medal bilan 2-o‘rinni, 1 tadan oltin-kumush hamda 5 ta bronza medaliga ega chiqqan yurtimiz karatechilari kuchli uchlikka yakun yasadi.
Shuningdek kecha o‘tkazilgan voleybol musobaqalarida O‘zbekiston terma jamoasi guruh bosqichida Birlashgan Arab Amirliklari jamoasini 21:19, Kuba voleybolchilarini 28:17 hisobida mag‘lub etishi turnirda o‘ziga xos shuv-shuvni keltirib chiqardi.
«BRIKS» o‘yinlarining uchinchi kun sarhisobiga ko‘ra, umumjamoada 1-o‘rinda borayotgan Rossiya terma jamoasi 78 ta oltin, 52 ta kumush, 30 ta bronza medaliga ega bo‘lib turibdi. Belarus vakillarida 13 ta oltin, 13 ta kumush, 17 bronza medali bor. Xitoyliklar 6 ta oltin, 26 ta kumush, 28 ta bronza bilan 3-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, 2 ta oltin, 7 ta kumush, 15 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoada 4-o‘rinda bormoqda.
Bugun, 16 iyun kuni o‘tadigan musobaqalarda 6 ta sport turida g‘olib va sovrindorlar aniqlansa, 2 ta sport turida saralash bahslari tashkil etiladi.