Braziliya prezidenti Lula da Silva AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning G‘azo sektorini bosib olib, falastinliklarni u yerdan chiqarish taklifini keskin rad etdi. U Trampga o‘z fikrlarini o‘ylab gapirishni maslahat berdi.
«G‘azada yuz bergan voqealar genosid edi. Va, ochig‘ini aytsam, Isroilni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan AQSh G‘azoga qanday g‘amxo‘rlik qila oladi? [...] Prezident Trampning Netanyaxu bilan uchrashib, "Biz G‘azoni bosib olamiz va u yerda yashaymizʼ deyishi mantiqsiz. Falastinliklar qayerda yashaydi unda?" – dedi Lula da Silva.
:
Braziliya rahbari qo‘shimcha qildi: «G‘azoga g‘amxo‘rlik qilish – falastinliklarning o‘z huquqi va vazifasi. Ular o‘z uylarini, kasalxonalari va maktablarini tiklashi, u yerda munosib hayot kechirishi kerak.»
Trampning Kanada, Daniya, Xitoy, Meksika, Yevropa Ittifoqi va BRIKS davlatlariga nisbatan tahdidlarini sharhlar ekan, Lula da Silva shunday dedi:
«Hech bir davlat, qanchalik muhim bo‘lmasin, butun dunyo bilan urushib yashay olmaydi. Hech kim doim tahdid ostida hayot kechirishi yoki har doim quruq maqtanish bilan harakat qilishni davom ettira olmaydi.»
Lula avvalroq Tramp Braziliyaga bojxona tariflari joriy etsa, o‘z javob choralarini ko‘rishini ham aytgan edi.
«Biz shunday savdo yo‘llarini muhokama qilish huquqiga egamizki, ular bizni dollarga butunlay qaram qilib qo‘ymaydi,» – deya ta’kidladi Braziliya prezidenti.