Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyat boshqarmasi va viloyat soliq xizmati organlari xodimlari hamkorligida tuzilgan ishchi guruh joylarda sud hamda boshqa organlar hujjatlari asosida o‘z vaqtida to‘lanmagan soliq qarzdorliklarini undirish choralarini ko‘rmoqda.
Byuroning Boysun tuman bo‘limi ish yurituviga qabul qilingan ijro hujjatiga ko‘ra, tumanda faoliyat yuritib kelayotgan “Azia-Constuction" mas’uliyati cheklangan jamiyatining o‘z vaqtida to‘lanmagan 459 million soliq qarzi hamda boshqa yuridik tashkilotlar foydasiga qarz undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari qabul qilinib, majburiy ijro harakatlariga kirishilgan. Soliq to‘lovlari belgilangan ixtiyoriy muddatda bartaraf etilmagani sababli qarzdor jamiyatning barcha hisob raqamlariga band solinib, jamiyatga tegishli ko‘chmas mulk, 3 ta maxsus hamda 11 ta yengil avtotransport xususan, 9 ta “BYD” elektromobil vositalariga nisbatan taqiq qo‘yildi.
Olib borilgan ijro harakatlari jarayonida qarzdor jamiyatga tegishli bo‘lgan 2 ta “XMR303” rusumli katok o‘z vaqtida to‘lanmagan soliq hamda boshqa qarzdorliklari uchun onlayn auksion savdolarida 215,6 million so‘mdan sotilib, qarzdorligiga yo‘naltirildi.
Hozirda qarzdor jamiyatning soliq hamda boshqa yuridik tashkilotlar oldida jami 14 milliard so‘mdan ortiq qarzdorligi mavjud. Shu sababli, xatlovga olingan mulklar auksion savdolariga chiqarish choralari ko‘rilmoqda. Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi va viloyat soliq boshqarmasi hamkorligida vohada yuzaga kelgan soliq qarzdorliklarini undirishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda.