Rossiya Ukrainadan bosib olingan hududlardan qo‘shinlarini olib chiqishni va moliyaviy da’volardan voz kechishni talab qildi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Agentlikning xabar berishicha, 16 may kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Rossiya delegasiyasi o‘t ochishni to‘xtatish evaziga bir qator shartlarni ilgari surgan.
Bloomberg'ga ko‘ra, Moskva Kiyevdan quyidagilarni talab qilmoqda:
— Ukrainaga neytral maqom berilishi, uning hududida xorijiy qo‘shinlar yoki ommaviy qirg‘in qurollari joylashtirilmasligi;
— Rossiyadan harbiy reparasiyalar talab qilishdan voz kechish;
- Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim, shuningdek hozirda qisman Rossiya nazoratida bo‘lgan hududlar xalqaro darajada Rossiya hududi sifatida tan olinishi;
— Ukraina bu hududlardan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishi.
Bloomberg'ning qayd etishicha, bu talablarning barchasi AQSh pozisiyasiga zid. Nashr suhbatlashgan bir nechta yevropalik amaldorlar anonimlik sharti bilan Rossiyaga nisbatan Donald Trampning doimiy ikkilanishlari ularni “hafsalasi pir bo‘lishiga” olib kelganini aytishgan.
Ular Qo‘shma Shtatlar prezidentidan qat’iy choralar kutayotganini aytishgan va shu haftadagi voqealar Trampga Moskvani muzokaralarda jiddiy emasligini anglatishiga umid qilishlarini bildirishgan