JSST ma’lumotlariga ko‘ra, bugun dunyoda maktabgacha yoshdagi 47,5 foiz va maktab yoshidagi 25,5 foiz bolalar kamqonlik xastaligiga chalingan. Yurtimizda ham bu kasallik kichik yoshdagi o‘g‘il-qizlar orasida ko‘p uchraydi.
Xo‘sh, buning sabablari nimada?
😶🌫️ — Avvalo, buni bir necha omillar bilan izohlash mumkin, — deydi tibbiyot fanlari doktori Aziza Mahmudova. — Ya’ni, kundalik iste’mol mahsulotlarida kerakli vitamin va ozuqalarning yetishmasligi, ekologiyaning yomonlashuvi ko‘plab xastaliklar qatori kamqonlikni keltirib chiqaradi.
🩸Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda anemiya homiladorlik davridagi muammolar – qon ketish, homilaning tushish xavfi, onadagi yuqumli kasalliklar tufayli yuzaga keladi. Erta tug‘ilgan bolalarda ham bu xastalik ko‘p kuzatiladi.
🛏 Bu dard bilan og‘rigan bolalar turli yuqumli kasalliklarga tez chalinadi. Oqibatda ularda kamharakatlik, charchoq, uyquchanlik, ishtahasizlik hamda vazn yetishmasligi kuzatiladi. Teri oqarib, tirnoqlar va sochlar mo‘rtlashadi.
🧏 Til yallig‘lanib, og‘iz atrofida yuzaki yaralar paydo bo‘ladi. Asab tizimi faoliyati buziladi, tez-tez bosh aylanishi, og‘rishi, quloqlarda shovqin kuzatiladi. 1 yoshgacha bo‘lgan va og‘ir kamqonlikka chalingan go‘daklar rivojlanishda ancha ortda qoladi.
🫀Bundan tashqari, asabiylik, bo‘r yoki kesak yeyish ham kamqonlikning asosiy belgilaridir. Xastalikning og‘ir holatlarida esa hushdan ketish, taxikardiya, nafas qisish kuzatilishi mumkin.
👩⚕️Kasallikka tashxis qo‘yishda, avvalo, pediatr-shifokor ko‘rigidan o‘tish lozim. Qolaversa, bolada anemiyani aniqlash uchun gastroenterolog, nefrolog, allergolog, gematolog va boshqa tor doiradagi mutaxassislar tekshiruvi talab etiladi.
🍜 Shuningdek, kamqonlikni davolash uchun, avvalo, yosh bolalar, maktab yoshidagi o‘g‘il-qizlar taomnomasi va kunlik tartibini qayta ko‘rib chiqish kerak. Bemor bola ko‘proq toza havoda sayr qilishi, o‘rtacha jismoniy faoliyat bilan shug‘ullanishi, bir vaqtda uxlab, bir vaqtda uyg‘onishi lozim.
🍱 Anemiyaga chalingan bolalar rasionida temirga boy mahsulotlar – qizil go‘sht, loviya, no‘xat, qorabug‘doy unidan tayyorlangan non, qo‘ziqorin, quritilgan mevalar va ko‘katlar bo‘lishi kerak.
🫑🥦 S va B12 vitaminlariga boy mahsulotlar (bulg‘or qalampiri, brokkoli, sitrus mevalar, baliq, yashil bargli sabzavotlar) ham kasallikning oldini olishda juda muhim. Boisi bu vitaminlarsiz temir qonga so‘rilmaydi.
💊 Agar bolada jiddiy kamqonlik kuzatilsa, shifokor tomonidan zarur dori-darmonlar tayinlanadi.