Ijtimoiy tarmoqlarda Magic City bog‘ida namoyish etilgan teatrlashtirilgan tomoshada o‘z joniga qasd qilish sahnasi ko‘rsatilganligi haqida xabarlar tarqaldi. Bolalar ombudsmani holat yuzasidan izoh berdi.
Bolalar ombudsmani qayd etishicha, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 16 va 19-moddalariga hamda hukumat qarori bilan tasdiqlangan “Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalari”ning 59-bandiga muvofiq holatga Magic City direksiyasi tomonidan rasmiy munosabat yoki tushuntirish berilishi so‘raldi.
Shuningdek, mazkur holatda qonun buzilishi yoki huquqbuzarlik mavjud yoki mavjud emasligini o‘rganish, aniqlangan vaziyatga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, prokuratura organlariga murojaat qilingan.
Bolalar ombudsmani holat yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettirishini qo‘shimcha qilgan.