Bugun 4 may, 2024 yil, shanba

КИР

Bola necha yoshdan sport bilan shug‘ullanishni boshlashi kerak?

Bola necha yoshdan sport bilan shug‘ullanishni boshlashi kerak?

Farzandlar sog‘lom o‘sishi uchun ularning to‘g‘ri ovqatlanishi bilan birga, jismoniy faolligi muhim ahamiyatga ega.

Shu bois ota-onalar o‘g‘il-qizlari uchun sport to‘garagi tanlashda ularning yoshi, bo‘yi, jismoniy imkoniyatlari, xohishi va ayniqsa, mavjud kasalliklarini inobatga olishi zarur.

— Xususan, 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar bilan faqat badantarbiya mashqlari bajariladi, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘lim boshlig‘i Barno Odilova. — 4-5 yoshli o‘g‘il-qizlarni esa avval gimnastik mashg‘ulotlarda “toblab”, tanasini chiniqtirish maqsadga muvofiq. Sababi bu yoshdan keyin suyakning qayishqoqligi kamayib, bola ko‘pgina mashqlarni bajarishga qiynaladi.

Insonning asab tizimi asosan 5-6 yoshdan mustahkamlana boshlashini inobatga olsak, sport bilan shug‘ullanish uchun bu palla eng maqbul davr hisoblanadi. Chunki bola bu vaqtda murabbiy bergan vazifalarni bajara oladigan yoshga yetadi.

6 yashar bolaning xohishiga ko‘ra istalgan sport to‘garagiga berish mumkin. Ammo bu davrda ular uchun eng foydalilari — suzish, badiiy gimnastika va futbol.

Bolalarda ko‘p uchraydigan skolioz kabi xavfli kasalliklarni 6-12 yoshgacha suzish, turnikda mashqlar bajarish va yengil atletika yordamida davolash mumkin. Ko‘rish qobiliyati past o‘g‘il-qizlar esa 9-11 yoshda stol tennisi va katta tennis bilan faol shug‘ullanishi lozim.

Salomatlik uchun barcha sport turi foydali bo‘lsa-da, ulardan ayrimlarini ma’lum davrlarda cheklash maqsadga muvofiq.

Masalan, tanasining rivojlanishi kechikayotgan 12-14 yosh oralig‘idagi o‘g‘il-qizlarga karate, taekvondo, dzyudo kabi og‘riq beruvchi usullarga boy sport turlari tavsiya etilmaydi. Aks holda bolaning bo‘yi o‘smay qolishi mumkin.

Xuddi shunday 9-12 yoshda og‘ir atletika bilan shug‘ullanish ham ma’qul emas. Chunki bu bolaga “og‘irlik” qilib, buyragi atrofini yog‘ qoplashiga olib keladi.

Kiritildi: 09:26 23.04.2024. O'qildi: 1223 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!