Bokuda joriy yilning 2–3 sentyabr kunlari “Shaharlarni tiklash uchun gumanitar minalardan tozalash: xavfsiz aholi punktlari uchun mukammallik standartlarini belgilash” mavzusida Minalardan tozalash bo‘yicha IV xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Ozarbayjon Respublikasi Minalardan tozalash agentligi (ANAMA) hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Ozarbayjondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 60 mamlakatdan 400 nafardan ortiq vakil ishtirok etdi.
Konferensiyaning asosiy muhokama mavzulari Ozarbayjon duch kelayotgan mina muammosining ko‘lami, gumanitar minalardan tozalashning shaharlarni tiklash va aholining xavfsiz yashashini ta’minlashdagi o‘rni, ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, xalqaro tajriba almashinuvi hamda mina xavfini bartaraf etish yo‘nalishidagi xalqaro sa’y-harakatlarni kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida Armaniston tomonidan Ozarbayjon hududlarining qariyb 30 yil davomida ishg‘ol qilinishi mamlakatni dunyodagi minalar bilan eng ko‘p ifloslangan davlatlardan biriga aylantirganini ta’kidladi. Ushbu muammoning ko‘lami nafaqat gumanitar, balki ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, aholi xavfsizligi, majburiy ko‘chirilgan shaxslarning ona yurtlariga qaytishi hamda ishg‘oldan ozod etilgan hududlarni tiklash nuqtai nazaridan ham jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilda Vatan urushi yakunlanganidan buyon mina va portlovchi o‘q-dorilar bilan bog‘liq hodisalar natijasida 437 nafar Ozarbayjon fuqarosi jabrlangan. Ulardan 73 nafari hayotdan ko‘z yumgan, 364 nafari esa og‘ir jarohat olgan. Umuman olganda, Armanistonning Ozarbayjonga qarshi tajovuzi boshlangan davrdan hozirga qadar 3 500 nafardan ortiq Ozarbayjon fuqarosi minalardan jabrlangan. Jabrlanganlar orasida bolalar, ayollar va boshqa tinch aholi vakillari ham bor.
Ozarbayjon hududlarini minalar va portlamagan harbiy o‘q-dorilardan tozalash ishlari hozirda keng ko‘lamda davom ettirilmoqda. Bugungi kunga qadar 298 ming gektardan ortiq hudud tozalangan, 260 147 ta mina va portlamagan harbiy o‘q-dori aniqlanib, zararsizlantirilgan. Ozarbayjon minalardan tozalash operasiyalarining tezligi, xavfsizligi va samaradorligini oshirish maqsadida ilg‘or texnologiyalar, innovasion yondashuvlar hamda zamonaviy boshqaruv tizimlaridan foydalanmoqda.
Konferensiyada so‘zga chiqqan Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining maxsus topshiriqlar bo‘yicha vakili Elchin Amirbayov mina muammosiga endilikda faqat gumanitar masala sifatida emas, balki tinchlik barpo etishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ham qarash lozimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘q ovozlarining to‘xtashi mina xavfining bartaraf etilganini anglatmaydi. Xavfsizligi ta’minlanmagan hududlarda barqaror tinchlik, barqaror rivojlanish va insonlarning normal hayot sharoitlarini qaror toptirish mumkin emas. Elchin Amirbayov 2025 yil 8 avgust kuni Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida Vashingtonda erishilgan kelishuvlar mintaqa uchun yangi imkoniyatlar yaratganini bildirdi. Tinchlik bitimining kelishilgan matni paraflanishi va Vashington Qo‘shma deklarasiyasining imzolanishi o‘tmishdagi mojaro iskanjasidan xoli yangi kelajak borasida siyosiy qarashni shakllantirdi. U Vashington uchrashuvidan so‘ng amalda tinchlik muhiti mavjudligini, mamlakatlar o‘rtasida harbiy eskalasiya yuz bermaganini, muloqot va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish yo‘nalishida muayyan qadamlar tashlanganini qayd etdi. Biroq ushbu jarayonni barqaror natijalarga aylantirish uchun joylarda ham xavfsizlikni ta’minlash muhimdir. Shu nuqtai nazardan, mina xavfini bartaraf etish Ozarbayjonning tiklash va qayta qurish kun tartibining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lish bilan birga, mintaqa tinchligini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim omildir.
Evropa Ittifoqining Ozarbayjondagi vakolatxonasi rahbari Mariana Kuyundjich gumanitar minalardan tozalash va tiklash jarayonlarini parallel ravishda olib borish muhimligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tiklash jarayonining uzoq muddatli rejalashtirish, kuchli institutlar hamda zarar ko‘rgan jamoalarning ehtiyojlarini hisobga olish asosida amalga oshirilishi yanada samarali natijalar beradi. Yevropa Ittifoqi Ozarbayjonning mina xavfini bartaraf etish yo‘nalishida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarini, jumladan, ANAMA va boshqa operativ sub’ektlarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlamoqda. Yevropa Ittifoqining Ozarbayjonga mina faoliyati sohasidagi umumiy ko‘magi hajmi hozirda 22 million yevrodan yetgan.
BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi (UN-Habitat)ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Erfan Ali esa gumanitar minalardan tozalash shahar siyosati, hududiy rejalashtirish va moliyalashtirishning fundamental tarkibiy qismi ekanini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, minalardan tozalangan hududlarsiz samarali shahar rejalarini ishlab chiqish, xavfsiz mulk huquqlarini ta’minlash, infratuzilma tarmoqlarini barpo etish hamda sobiq majburiy ko‘chirilgan shaxslarning o‘z ona yurtlariga xavfsiz va munosib qaytishini ta’minlash mumkin emas. Ozarbayjonda minalardan tozalash faoliyati “Buyuk Qaytish” dasturi, shuningdek, Qorabog‘ va Sharqiy Zangazur iqtisodiy rayonlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tiklash va qayta qurish jarayonlari bilan chambarchas bog‘langan.
Konferensiyada Xitoy tomonidan Ozarbayjonning mina xavfini bartaraf etish borasidagi sa’y-harakatlariga ko‘rsatilayotgan ko‘mak ham e’tiborga havola etildi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligining Qurollarni nazorat qilish departamenti maslahatchisi Shen Jan mamlakati gumanitar minalardan tozalash sohasida Ozarbayjon bilan hamkorlikni bundan keyin ham davom ettirishini bildirdi. O‘tgan yili ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida ikki tomonlama gumanitar hamkorlikni kuchaytirishga doir Anglashuv memorandumi imzolangan bo‘lib, mazkur hujjat doirasida Xitoy Ozarbayjonga 2 million yuan miqdorida yordam ko‘rsatgan.
Konferensiya doirasida panel muhokamalari va turli mamlakatlar tajribasiga oid taqdimotlar o‘tkazildi. Tadbir yakunida yakuniy bayonot qabul qilindi.
Minalardan tozalash bo‘yicha IV xalqaro konferensiya Ozarbayjonning mina muammosini xalqaro hamjamiyat e’tiboriga yetkazish nuqtai nazaridan muhim platformaga aylanish bilan birga, gumanitar minalardan tozalash sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Tadbirda bildirilgan fikrlar mina xavfini bartaraf etish faqat hududlarni jismoniy jihatdan tozalash masalasi emasligini ko‘rsatdi. Ushbu jarayon xavfsiz aholi punktlarini barpo etish, insonlarning ona yurtlariga qaytishi, iqtisodiy faollikni tiklash va uzoq muddatli tinchlikni ta’minlash bilan bevosita bog‘liqdir.
Ozarbayjon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, gumanitar minalardan tozalash shahar va qishloqlarni tiklashdan tortib, ijtimoiy va iqtisodiy hayotni qayta barpo etishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarning boshlang‘ich nuqtalaridan biridir. Shu sababli mina xavfiga qarshi kurashda xalqaro tajriba almashish, texnologiyalarni qo‘llash va donorlik ko‘magini oshirish alohida ahamiyat kasb etadi.