Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buloqboshi tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “O.X.” xususiy korxonasi rahbari O.X. “YA.B.X.” IK mas’ul shaxslari bilan o‘zaro til biriktirib, maktabgacha ta’lim tashkilotini rekonstruksiya qilishda rasmiy hujjatlarga amalda bajarilmagan qurilish-ta’mirlash ishlarini qo‘shib yozish orqali jami 218,3 mln so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Xuddi shunday, Departamentning Baliqchi tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “B.T.” MCHJ rahbari N.I. “YA.B.I.” IK mas’ul shaxslari bilan o‘zaro til biriktirib, maktab sport zalini rekonstruksiya qilishda rasmiy hujjatlarga amalda bajarilmagan qurilish-ta’mirlash ishlarini qo‘shib yozish orqali jami 166,3 mln so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Qo‘shko‘pir va Yangiariq tuman bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda “YA.”, “N.Z.”, “A.K.” MCHJ mas’ul shaxslari maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda umumiy o‘rta ta’lim maktab binosini rekonstruksiya qilishda rasmiy hujjatlarga amalda bajarilmagan qurilish-ta’mirlash ishlarini qo‘shib yozish orqali jami 163,7 mln so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Yangihayot tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda "Y.Z." MCHJ mas’ul shaxslari “Olchazor” MFY hududida yangi kanalizasiya tarmog‘ini markaziy kanalizasiya quvuridan tortish ishlarida rasmiy hujjatlarga amalda bajarilmagan qurilish-ta’mirlash ishlarini qo‘shib yozish orqali jami 66,4 mln so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.