Birlashgan Millatlar Tashkilotining mustaqil komissiyasi 4 mart kuni bayonot berdi. Bayonotda AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyotlari tanqid qilingan.
Komissiya fikriga ko‘ra, AQSh va Isroil zarbalari hamda Eronning javob hujumlari BMT Nizomiga zid. Nizomga muvofiq, davlatlarning hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch ishlatish taqiqlangan.
Komissiya Eron aholisi “ikki o‘t orasida qolgani”ni qayd etgan. Unga ko‘ra, bir tomonda harbiy amaliyotlar, ikkinchi tomonda esa, inson huquqlari bilan bog‘liq muammolar ularni ikki tomondan qiynamoqda.
BMT bayonotida Minab shahridagi qizlar maktabiga berilgan zarba haqidagi xabarlar ham tilga olingan. Eron rasmiylariga ko‘ra, hujum natijasida 150 dan ortiq o‘quvchi va o‘qituvchi halok bo‘lgan, qurbonlarning aksariyati 7–12 yoshli qizlar ekani aytilgan.
Eron Qizil Yarim oy jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlangan 28 fevraldan buyon, urush oqibatida kamida 787 kishi halok bo‘lgan.
BMTning so‘nggi vaqtlardagi pozisiyasini tushunish biroz murakkabroq. Isroil va AQSh tomonidan sodir etiladigan ko‘plab holatlarga ko‘z yumadigan, umuman munosabat bildirmay qo‘ygan tashkilotning bugungi bayonotini qaysidir ma’noda uzoq uyqudan uyg‘onish deb baholash mumkin. Ammo bu bayonotning vaziyatga biror-bir foydasi tegadimi, tashkilot urushni to‘xtatish uchun biror jiddiyroq chora ko‘radimi, bu savollarning javobi ko‘proq salbiy bo‘lishi ehtimoli yuqori. Zero, normal dunyo anchadan buyon bunday hollarda BMTdan najot kutmay qo‘ygan.