BMTning Sudan bo‘yicha faktlarni aniqlash missiyasi mamlakatda davom etayotgan qurolli mojaroni xorijdan yetkazib berilayotgan qurol-yarog‘, harbiy texnologiyalar, qiruvchi samolyotlar va logistika tarmoqlari kuchaytirayotganini ma’lum qildi.
Missiyaning 3 sentyabr kuni Jenevada e’lon qilingan ma’lumotlariga ko‘ra, xorijiy ta’minot tarmoqlari Sudandagi urushda ishtirok etayotgan tomonlarning uzoqda joylashgan tinch aholi punktlariga dronlar orqali zarba berish imkoniyatlarini ham kengaytirgan.
BMT tekshiruvi Sudanning Tezkor yordam kuchlari (RSF)ga qurol yetkazib bergan mamlakatlar tarmog‘ini aniqlagan. Missiya ma’lumotlarida Birlashgan Arab Amirliklari RSFni qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlar qatorida tilga olingan, ammo BAA bu ayblovlarni rad etib kelmoqda.
Hisobotda RSF va Sudan Qurolli kuchlari (SAF) tomonidan amalga oshirilgan dron hujumlari oqibatida ko‘plab tinch aholi halok bo‘lgani qayd etilgan. BMT missiyasi ayrim dron operasiyalari urush jinoyati sifatida baholanishi mumkinligini ta’kidlagan.
Sudandagi urush 2023 yil aprelida mamlakat armiyasi va RSF o‘rtasidagi hokimiyat uchun kurash ortidan boshlangan. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro natijasida 14 milliondan ortiq kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan va mamlakatda dunyodagi eng og‘ir gumanitar inqirozlardan biri yuzaga kelgan.