Bugun 25 may, 2025 yil, yakshanba

КИР

BMT shtab-kvartirasida «Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash: O‘zbekiston nuqtai nazari» mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi

A A A
BMT shtab-kvartirasida «Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash: O‘zbekiston nuqtai nazari» mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi

  • Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi (AQSh) shtab-kvartirasida o‘tkazilgan O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan 78-sessiyasidagi nutqi va tashabbuslariga bag‘ishlangan brifingda ishtirok etdi va nutq so‘zladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Markaz direktori «Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash: O‘zbekiston nuqtai nazari» mavzusida bo‘lib o‘tgan brifingdagi ma’ruzasida tashqi savdoni liberallashtirish baholari hamda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishining ta’siri haqida gapirib berdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi baholariga ko‘ra, JSTga a’zo bo‘lgandan keyin savdo xarajatlarining qisqarishi va buning natijasida yalpi ichki mahsulot hamda aholi farovonligining sezilarli darajada o‘sishini kutish mumkin bo‘ladi. «Xususan, savdo liberallashtirilgan holatda 0,4-0,5 foiz iqtisodiy o‘sishga, farovonlikni esa 0,9-1,0 foiz darajasida oshirishga erishish mumkin», – dedi Obid Xakimov.

Markaz rahbari boshlangan islohotlar kursini davom ettirish muhimligini qayd etib o‘tarkan, bugungi kunda O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish tarafdoriligini yana bir bor tasdiqlagan holda savdo hamkorlarini diversifikasiya qilish ustida ishlayotganini ta’kidladi.

«Aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan import bojlarini liberallashtirish izchil davom etayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. Texnik jihatdan tartibga solish sohasida ham islohotlar amalga oshirilmoqda, bu yo‘nalishda O‘zbekiston JST normalari va standartlariga moslashmoqda, shu jumladan, notarif savdo to‘siqlarini qayta ko‘rib chiqmoqda», – deya qayd etdi ekspert.

Markaz direktori, shuningdek, O‘zbekistonning ochiq tashqi iqtisodiy siyosati natijalari haqida so‘zlay turib, bu orqali erishilgan ulkan yutuqlar xususida gapirib berdi. Obid Xakimovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dunyoda katta qiziqish uyg‘otdi va ma’qullanmoqda. Xususan, 2017 yilda Yevropa Ittifoqi bilan «to‘qimachilik protokoli» kuchga kirgan bo‘lsa, 2021 yilda O‘zbekiston GSP+ tizimining benefisiar mamlakatiga aylandi. 2022 yilda esa Cotton Campaign o‘zbek paxtasiga ochgan boykotni bekor qildi, bularning bari barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini ko‘rsatadi.

«O‘zbekiston iqtisodiyoti qulay makroiqtisodiy sharoitlar tufayli 6 yil ichida 53 milliard dollardan 2022 yilda 82 milliard dollarga o‘sdi, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi esa 2018 yildagi 1 604 dollardan 2022 yilda 2 255 dollarga ko‘tarildi. Ochiq tashqi iqtisodiy siyosat investisiyalar oqimini 3 baravarga – 2017 yildagi 3,3 milliard dollardan 2022 yilda 9,8 milliard dollargacha oshirish imkonini berdi», – deya ta’kidladi Obid Xakimov.

O‘tkazilgan liberallashtirish natijasida tashqi savdo aylanmasi jadal sur’atlar bilan o‘sib, eksport imkoniyatlari ham oshirilmoqda.

Baholarga ko‘ra, ko‘rilgan chora-tadbirlar eksport hajmini 2017 yildagi 12,6 milliard dollardan 2022 yilda 19,3 milliard dollargacha oshirishga imkon berdi. Eksport qilinayotgan mahsulotlar turlari 1,5 mingtadan 3 mingtaga, eksport geografiyasi – 139 mamlakatdan 164 mamlakatga oshdi, tayyor mahsulotlar eksporti ikki baravar ko‘paydi.

Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan islohotlarning yangi ustuvor yo‘nalishlaridan biri Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yanada yaqinroq, o‘zaro manfaatli munosabatlar va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish ishlari bo‘ldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro savdo hajmi 2,6 baravarga – 2016 yildagi 4,2 milliard dollardan 2022 yilda 11 milliard dollarga oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 5 baravarga ko‘paydi.

Brifing yakunida, «o‘tkazilgan o‘zgarishlar mamlakatning islohotlarga sodiqligidan dalolat beradi, olingan natijalar esa iqtisodiy rivojlanish uchun salohiyat yuqoriligini bildiradi», – dedi Obid Xakimov.

Kiritildi: 20:39 07.12.2023. O'qildi: 1344 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!