BMTning Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi Misrda ikki kunda o‘n besh nafar mahkumning qatl etilganini tanqid ostiga oldi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar bermoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha boshqarma matbuot kotibi Liz Trossellning fikricha, mahkumlarning qatli Misrda 19 sentyabrdan beri davom etayotgan norozilik namoyishlari qatnashchilarini qo‘rqitish uchun amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, u ayblanuvchilar odil sudlanmaganini ta’kidladi.
«Qatl etilganlardan ayrimlari qiynoqqa solingan, ular Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt doirasida odil sudlanmagan, bu esa yashash uchun huquqning qo‘pol ravishda buzilishidir», – deya izohladi Trossell.
Misrda o‘tgan hafta 2013 yilning avgustida Iskandariya shahridagi namoyishlarda ushlangan «Musulmon birodarlar» tashkilotining 15 a’zosiga nisbatan o‘lim jazosi ijro etildi. Ular xavfsizlik kuchlari vakillarini o‘ldirishda ayblangan edi.