Birgina tvit orqali Ilon Mask global loyihaga katta hissa qo‘shdi.
O‘tgan hafta, YouTube blogeri Jimmy “MrBeast” Donaldson #TeamTrees tashabbusini e’lon qildi. Loyiha 2020 yil 1 yanvarga qadar dunyo bo‘ylab 20 million dona daraxt o‘tqazishni niyat qilgan Arbor Day Foundation tashkilotiga yordam berish uchun 20 million dollar yig‘ishni maqsad qilgan. Donaldson ushbu loyihani “barcha davrlarning eng yirik YouTube hamkorligi”, deya ta’riflagan. Chunki loyiha doirasida u o‘n millionlab obunachilarga ega bo‘lgan bloggerlar bilan hamkorlik qilmoqda.
Dushanba kuni, YouTube foydalanuvchilari ko‘magi bilan 6 million dona daraxt o‘tqazish uchun 6 mln. $ to‘plashga muvaffaq bo‘lindi. Dushanba kuni kechqurun jarayonlar Tvitterga ham ko‘chdi: Blogger “MrBeast”ning retivitiga javoban Mask:
“Ajoyib. Daraxtlar qayerga ekiladi va qanaqa daraxtlar ekmoqchisizlar?”, - dedi.
YouTube bloggeri “Brownlee” esa Maskning savoliga javob berdi: “Butun dunyo bo‘ylab, qayerda “o‘rmonlarga ehtiyoj bo‘lsa” o‘sha yerda”.
Ilon Mask javobdan qoniqdi hamda “unday bo‘lsa, 1 million $ berganim bo‘lsin”, - deb tvit qoldirdi.
Mask, shuningdek, Tvitterdagi otini (nikneym) Treelonga o‘zgartirdi va o‘z profilidagi rasmga o‘rmondagi daraxtlar tasvirini qo‘yib qo‘ydi.
Loyihaga hissa qo‘shayotgan mashhur inson faqatgina Mask emas. Shuningdek, Tvitter bosh direktori Jek Dorsey ham ushbu xayrli ishga 150 ming $ - 150 mingta daraxt mablag‘ qo‘shgan.