So‘nggi bir yarim kun ichida Quyoshda 35 ta chaqnash sodir bo‘ldi. Olimlar 7 noyabr kuni oxirigacha ularning soni 40 taga yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Central Asia xabariga ko‘ra, bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi Kosmik tadqiqotlar institutining Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi ma’lum qilgan.
Laboratoriya ma’lumotlariga ko‘ra, 6 noyabr kuni 24 soat davomida S sinfiga mansub 18 ta chaqnash kuzatilgan. 7 noyabrning dastlabki 12 soatida esa yana 17 ta shunday hodisa qayd etilgan.
Olimlar hafta o‘rtalaridan boshlab Quyosh faolligi asta-sekin kuchayganini, juma kuni esa bu jarayon keskin tezlashganini bildirgan.
Chaqnashlarning aksariyati Quyosh diskining deyarli markazida joylashgan yirik quyosh dog‘lari guruhida sodir bo‘lmoqda. Mutaxassislar fikricha, ushbu hududda to‘plangan energiya hozir atmosferaga faol chiqarilmoqda. Bu esa o‘rtacha kuchdagi chaqnashlar soni ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Laboratoriya mutaxassislari bunday jarayonni Yer uchun nisbatan qulay deb baholamoqda. Ularning ta’kidlashicha, aks holda energiya to‘planib, kam uchraydigan, ammo juda kuchli chaqnashlarga olib kelishi mumkin.
Shu bilan birga, Quyosh faolligining oshishi Yer magnitosferasi beqaror holatda bo‘lgan davrga to‘g‘ri kelmoqda. 7 noyabr kechasi magnitosfera yirik koronal teshik hududiga kirgan. Hozircha magnit bo‘ronlari boshlanmagan, biroq olimlar kuchli Quyosh chaqnashlari magnit maydonida keskin reaksiya keltirib chiqarishi va natijada kuchli magnit bo‘ronlari yuzaga kelishi mumkinligini istisno qilmayapti.
Joriy Quyosh siklida bir sutkada qayd etilgan chaqnashlar soni bo‘yicha avvalgi rekord 2024 yil 10 dekabrda o‘rnatilgan — o‘shanda 29 ta hodisa kuzatilgan. 2026 yil 19 avgustda esa 19 ta chaqnash qayd etilgan.