Bugun 8 may, 2024 yil, chorshanba

КИР

Bir nechta jinoyatlarda ayblangan Farg‘onadagi maktab direktoriga chiqarilgan sud hukmi bekor qilindi

Bir nechta jinoyatlarda ayblangan Farg‘onadagi maktab direktoriga chiqarilgan sud hukmi bekor qilindi

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi 49-umumta’lim maktabi direktori Rustam Hakimovga nisbatan chiqarilgan sud hukmi bekor qilindi. U butunlay oqlandi, deb xabar qiladi O‘zA.

Direktor R. Hakimov 500 ming so‘m ijara pulini foydalanuvchidan naqd pul tarzida olib, davlat manfaatiga jiddiy ziyon yetkazgan deb Jinoyat Kodeksining 205-moddasi bilan, 2005-2012 yillarda 1 million 579 ming so‘m ijara pulidan 789 ming 900 so‘mini mahalliy byudjetga o‘tkazmasdan maktab manfaati uchun sarflab, davlat manfaatiga jiddiy ziyon yetkazgan deb 206-moddasi bilan, rasmiy hujjatlarni takroran soxtalashtirgan deb 209-moddasi bilan, guruh bo‘lib, takroran 5 ta epizodda davlatning jami 4 million 185 ming so‘mlik mulkini talon-toroj qilgan deb, 167-moddasi bilan sudlangan edi.

Jinoyat ishi kassasiya sudida direktor R. Hakimov va himoyachining shikoyati asosida ko‘rib chiqilib, sud hukmi bekor qilindi. Ish bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermagani va harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmagani sababli maktab direktori aybsiz deb topildi.

Aniqlanishicha, maktab ma’muriyati 2011 yil 1 sentyabrda maktab bufetini oyiga 62 ming 920 so‘m evaziga ijaraga bergan. Maktab pedagogik kengashi tomonidan 2011 yil 11 noyabrdan boshlab, ijara puli 650 ming so‘m qilib belgilangan. Ijarachi va maktab ma’muriyatida shartnoma tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish yuzasidan yetarli huquqiy bilim bo‘lmagani oqibatida nizo kelib chiqqan. Ijarachi mazkur nizo yuzasidan tegishli sudga murojaat qilish o‘rniga, huquqni muhofaza qiluvchi organga ariza bilan murojaat qilib, direktor 62 ming 920 so‘m o‘rniga 650 ming so‘m ijara to‘lashni talab qilayotgani uchun unga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Arizaga asosan tezkor-tadbir o‘tkazilib, direktor R. Hakimov S. Marajabovdan 650 ming so‘m ijara to‘lovi hisobidan 500 ming so‘m olgan vaqtda (pora olgan deb) ushlangan.

Quyi sud, ijarachi ijara pulini maktab hisobchisi, xo‘jalik ishlari mudiri, direktor o‘rinbosari yoki direktoriga har oy naqd pul tarzida berib kvitansiyalarni to‘liq olib kelgani va pedagogik kengashda ijara puli 650 ming so‘m qilib belgilanganidan xabardorligi, tezkor tadbirda direktor olgan 500 ming so‘m ham ijara to‘lovi ekani, direktor 500 ming so‘m ijara pulini naqd olib buxgalteriyaga kirim qildirish orqali davlat yoki ijarachi manfaatiga jiddiy ziyon yetkazilmagani aniqlangan bo‘lsa-da, direktorning ushbu harakatini Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan oqlash o‘rniga, mansabini suiiste’mol qilgan deb 205-moddasi (mansabini suiiste’mol qilish) bilan asossiz ayblagan.

Yana direktor ixtisoslashtirilgan qo‘shimcha sinf o‘quvchilarining oziq-ovqati uchun ota-onalardan 21 million 37 ming so‘m naqd pul yig‘ib, asossiz sarflab, ularni manfaatiga juda ko‘p miqdorda ziyon yetkazgan deb ayblangan edi.

Yuqori sudda, ushbu pullarni ota-onalar yig‘ilishining qaroriga asosan ota-onalar ixtiyoriy yig‘ib o‘zlari sarflashgani, unga direktorning dahli bo‘lmagani, ota-onalarning oziq-ovqat uchun pul yig‘ishi natijasida na davlat va na ota-onalar manfaatiga ko‘p miqdorda zarar yetkazilmagani aniqlandi. Bundan tashqari, rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirib, byudjet mablag‘larini o‘zlashtirgan deb, Jinoyat Kodeksining 167 va 209-moddalari bilan ham ayblangan edi.

Yuqori sudda, talon-toroj jinoyatiga daxldor yoki guvoh deb topilgan barcha shaxslar so‘roq qilindi. Jinoyat ishi yuzasidan to‘plangan barcha hujjatlar sinchkovlik bilan xolisona o‘rganib chiqildi. Ammo direktorning davlat mulkini talon-taroj qilgani aniqlanmadi.

Shu sababli maktab direktoriga sud muhokamasi o‘tkazilgan mazkur ishning ayrim epizodlari bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermagan (u tomonidan qoida buzilgan bo‘lsada, jinoyat emas) va ayrim epizodlari bo‘yicha direktorning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘q (u tomonidan qonunga zid harakatlar qilinmagan) deb topilib, oqlandi.

Kiritildi: 15:09 13.02.2019. O'qildi: 1572 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!