Bugun 25 oktyabr, 2024 yil, juma

КИР

Bilmagandim deyish jazodan ozod etmaydi – O‘zbekistonda «10 sutkalik» kriptochilar ko‘paymoqda

Bilmagandim deyish jazodan ozod etmaydi – O‘zbekistonda «10 sutkalik» kriptochilar ko‘paymoqda

Huquqbuzarlarning barchasi sudda qilgan ishi noqonuniy ekanini bilmaganini ma’lum qilgan. Javobgarlikka tortilganlarning 12 nafariga ma’muriy qamoq, 3 nafariga jarima jazosi tayinlangan.

Avvalroq Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda Jinoyat kodeksiga kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik va mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilgandi.

Oliy sudning interaktiv xizmatlari portaliga ko‘ra, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun birinchi ish 2024 yil 14 may kuni ko‘rilgan. Unda 29 yoshli yigit «Binance» platformasi orqali hech qanday tegishli hujjatlarsiz, jami 125 marotaba kripto-aktivlarni sotib olish, o‘zga shaxsga o‘tkazish amaliyotini amalga oshirgani aniqlanib, unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

O‘tgan 1 oyda respublikada jami 15 kishi kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzgani uchun javobgarlikka tortilgan. Ularning 3 nafariga jarima (ikkitasiga 6,8 mln so‘mdan, bittasiga 3,4 mln so‘m) va 12 nafariga ma’muriy qamoq (beshtasi 10 sutka, ikkitasi 5 sutka hamda beshtasi 3 sutka) jazosi berilgan. Javobgarlikka tortilganlarning 5 nafari 20 yoshga ham to‘lmagan o‘smirlardir.

Qanday jazo bor?

Prezident imzolagan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksiga kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qo‘shimcha moddalar kiritilgan.

Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, lisenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga yoki ma’muriy qamoq qo‘llanishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Bunda kripto-aktivlarni hamda mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollari musodara qilinadi.

Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari tomonidan anonim kripto-aktivlar bilan operasiyalarni amalga oshirgan mansabdor shaxslarga esa BHMning 30 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan yangi 278-8-moddaga ko‘ra, kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda lisenziya olmasdan, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish yoxud kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari tomonidan anonim kripto-aktivlar bilan operasiyalarni amalga oshirish shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Agar ushbu harakatlar takroran yoki xavfli residivist tomonidan ko‘p miqdorda hamda bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazosi tayinlanadi.

O‘sha harakatlar juda ko‘p miqdorda, xizmat mavqeyidan foydalangan holda va uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Kiritildi: 18:26 14.06.2024. O'qildi: 1169 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!