To‘g‘ri ovqatlanish va ko‘proq suv ichish immunitet tizimini qo‘llab-quvvatlaydi, shamollash bilan kurashish va tiklanishga yordam beradi. Ammo noto‘g‘ri ovqatlanish betob inson holatini yomonlashtirishi yoki immunitet faoliyatini susaytirishi mumkin.
Organizm kasallik bilan kurashayotganda alomatlarni kuchaytiradigan yoki immunitetni tushiradigan, tiklanishni kechiktiradigan mahsulotlardan voz kechish muhim. Quyida ularning ayrimlarini ko‘rib chiqamiz.
Tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlar
Ko‘p miqdorda shakar iste’mol qilish immunitet funksiyasini susaytirishi va organizmda yallig‘lanishni keltirib chiqarishi mumkin. Meva, sabzavot, butun don va dukkakli ekinlarda mavjud bo‘lgan tabiiy shakardan xavotirlanishga o‘rin yo‘q.
Ko‘pgina qayta ishlangan va shakarli oziq-ovqatlarda, masalan, qamish shakar, jigarrang shakar, jigarrang guruch siropi, agava va boshqalardagi qo‘shimcha shakarlarni iste’mol qilishni minimallashtirishga harakat qiling.
O‘zingizni yomon his qilganingizda, qayta ishlangan va shakar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlarni cheklash yoki undan voz kechish maqsadga muvofiq. Uning o‘rniga tabiiy va yangi tayyorlangan taomlarni iste’mol qilgan afzal.
Spirtli ichimliklar
Ularning tarkibida ozuqa moddalari yo‘q. Qolaversa, alkogol organizmni suvsizlantiradi va immunitet tizimini zaiflashtirishi, infeksiyalarga qarshi kurashish qobiliyatini pasaytirishi mumkin.
Sitruslar
Barcha sitrus mevalar immunitet uchun juda muhim bo‘lgan S vitaminiga boy. Aksariyat insonlar uchun bunday ne’matlar kasallik paytida foydali. Biroq ba’zilar, ayniqsa, tomoq og‘rig‘idan aziyat chekayotganlar uchun sitrusning kislotasi og‘riqni yanada kuchaytirishi mumkin.
Sut mahsulotlari
Sut, yogurt, pishloq va muzqaymoq kabi sut mahsulotlari tarkibida laktoza deb nomlanuvchi sut shakari mavjud. Laktoza iste’moli zararli bo‘lgan ba’zi odamlar uni hazm qilishda muammolarga duch keladi, bu esa oshqozon bilan bog‘liq muammolar, burun oqishi yoki bitishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Yog‘li ovqatlar
Ko‘pgina tezpishar yog‘li ovqatlardan saqlaning. Betoblik vaqtingizda bekon, kolbasa mahsulotlari, sut, qaymoq, sariyog‘, qovurilgan taomlar va shirin pishiriqlardan tiyilganingiz ma’qul.
Ushbu oziq-ovqatlarda kasallik paytida immunitet tizimi uchun zarur bo‘lgan vitamin va minerallar kam. Shuningdek, ular hazm qilinishi qiyin. Ayniqsa oshqozon infeksiyasi bilan og‘riyotganlar uchun bunday ovqatlar xavf tug‘dirishi, tabiiy.