Dushanba kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari yakunlariga ko‘ra, bosh vazir Yonas Gar Styore boshchiligidagi Mehnat partiyasi yetakchiligidagi so‘l koalisiya hokimiyatni saqlab qoldi, deya xabar bermoqda nashr.
Mehnat partiyasi dastlabki natijalarga ko‘ra 26% ovoz va Norvegiya parlamenti — Stortingdagi 53 o‘rinni qo‘lga kiritdi. Umumiy hisobda so‘l qanotdagi besh partiya 169 mandatdan 87 tasini egalladi.
Kutilishicha, Yonas Gar Styore boshchiligidagi ozchilik hukumati mamlakatni boshqarishda davom etadi va qolgan to‘rtta so‘l partiya ham uni qo‘llab-quvvatlaydi.
Muhojirlarga qarshi siyosati bilan mashhur Taraqqiyot partiyasining keskin oshgan ommabopligi uni ikkinchi o‘ringa olib chiqdi. Ushbu partiya saylovda 24% ovoz va 48 deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi. Bu 2021 yilgi saylovlarga nisbatan ikki baravardan ko‘proqdir.
Yonas Gar Styore hukumati Ukraina uchun faol yordam ko‘rsatib, milliardlab dollar ajratib kelmoqda. Norvegiyalik siyosiy sharhlovchilarning ta’kidlashicha, bosh vazirning qayta g‘alaba qozonishiga saylovchilarning qarashlari ham sabab bo‘ldi. Norvegiya aholisi Yevropada urush davom etayotgan, AQShda esa Tramp hokimiyatga qaytgan hozirgi vaziyatda mamlakatga tashqi siyosatda tajribali rahbar kerak, deb hisoblashgan.