NATOning Yevropadagi birlashgan kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksus Grinkevich alyansga a’zo davlatlardan biriga Rossiya hujum qilgan taqdirda amalga oshiriladigan yangi harbiy rejani taqdim etdi. «G‘alaba nazariyasi» (Theory of Victory) deb nomlangan konsepsiya dushmanni uch bosqichda mag‘lub etishni nazarda tutadi.
Birinchi bosqich — Block («To‘sib qolish»). Unda NATO kuchlari ehtimoliy hujumning dastlabki zarbasini qaytarishi va dushmanning oldinga siljishini to‘xtatishi kerak.
Agar hujum davom etsa, alyans ikkinchi bosqich — Blunt («Zarba kuchini susaytirish»)ga o‘tadi. Bu bosqichning asosiy maqsadi hujum qilayotgan qo‘shinlarning keyingi oldinga siljish imkoniyatini cheklashdan iborat.
Uchinchi bosqich — Break («Tor-mor etish») dushmanning nafaqat hujum qilayotgan bo‘linmalarini, balki ularning harakatini ta’minlovchi butun harbiy tizimni ishdan chiqarishni ko‘zda tutadi. Buning uchun NATO ta’minot yo‘llarini uzish, qo‘mondonlik tizimlarini ishdan chiqarish va dushman qo‘shinlarining jangovar qobiliyatini yo‘qotishni rejalashtirmoqda.
Grinkevich Varshavada bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik forumida NATO ushbu konsepsiyani bir necha yildan beri ishlab chiqayotganini ma’lum qildi. Biroq so‘nggi voqealarni hisobga olgan holda, alyans rahbariyati rejani birinchi marta ochiq taqdim etishga qaror qilgan.