Bugun haftaning dastlabki ish kuni dushanba. Deyarli barcha idoralarda yangi ish haftasi boshlandi. Lekin bu holat notarial idoralarga tegishli emasdek.
Zarur masala yuzasidan hujjatlarini rasmiylashtirish uchun notarial idoralarga yugurgan fuqarolarning bugun hafsalasi pir bo‘ldi. Uy oldi-sotdisi bilan shug‘ullanadigan broker agentligi xodimlaridan biri bilan bog‘langanimizda u, bugun Toshkentdagi aksar notarial idoralar ishlamayotganini, faqatgina juma kunidan ular yana ishga qaytishini ma’lum qildi.
Bizga murojaat qilganlardan birining aytishicha, u avvaliga Yunusobod tumanidagi Markaz-6 dahasida joylashgan notarial idoraga borgan. U yerda bir qancha odamlar hujjatlarga imzo qo‘yuvchi notarius kelib qolishidan umid qilib o‘tirishibdi, lekin idora rahbarining o‘zi yo‘q. Shuningdek Chilonzor tumanining G‘afur G‘ulom istirohat bog‘i yaqinidagi ikkita notarial idorasida ham faqat odamlar idora ochilib qolishidan umid qilib o‘tiribdi. Lekin bu yerda ham mas’ullar yo‘q.
Bu masalaga aniqlik kiritish maqsadida Adliya vazirligiga telefon orqali murojaat qilganimizda o‘zini Xolturdiyev Aytmurod deya tanishtirgan xodim, masalaga aytarli javob bera olmadi. Shundan so‘ng Toshkent shahar adliya boshqarmasi vakillari qo‘ng‘iroq qilishib, masalani hal qilish o‘rniga, murojaatim bo‘yicha muammoni hal qilib berishni taklif qildi.
Qiziq, ular biz murojaat qilganimizga javob sifatida, muammomiz bo‘lsa, uni hal qilib berishga tayyor emish. Lekin notarial idoralar oldida turgan, kutayotgan fuqarolarchi? Ularning masalasi bilan kim shug‘ullanadi? Yoki ular ham har biri shu tariqa muammosini alohida telefon qilib, ko‘tarib chiqishi kerakmi?
Yunus Bo‘ronov
Manba: xs.uz