AQSh prezidenti Jo Bayden prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Donald Trampga vakolatlar almashinuvi muammosiz o‘tishini va’da qildi. Ularning uchrashuvi 13 noyabr, chorshanba kuni Vashingtondagi Oq uyda bo‘lib o‘tdi. 81 yoshli demokrat va 78 yoshli respublikachi Oval kabinetning yonib turgan kamini oldida qo‘l berib ko‘rishdi. «Siyosat — og‘ir biznes va ko‘p hollarda bu yoqimli dunyo emas. Lekin bugun bu ajoyib dunyo va men buni juda qadrlayman», dedi Tramp uchrashuvdan so‘ng jurnalistlarga.
Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Perning so‘zlariga ko‘ra, siyosatchilar o‘rtasidagi suhbat taxminan ikki soat davom etgan. «Ular mamlakat va dunyo oldida turgan muhim milliy xavfsizlik va ichki siyosat masalalarini muhokama qilishdi», dedi u matbuotga.