Savol:
— Assalomu alaykum! Barcha turdagi lotereya o‘yinlarini o‘ynash mumkin emasmi, ya’ni undagi yutuqni olish joiz emasmi?
— Lotereya o‘yinlarida ishtirok etishning har qandash shakli va turi shar’an harom sanaladi. Alloh taolo Qur’oni karimda: "Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz. Albatta shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va yomon ko‘rishlikni solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan to‘sishni xohlaydi. Endi to‘xtarsizlar" ("Moida" surasi, 91-92-oyatlar) deydi. Allohning "Bas, undan chetda bo‘ling", deyishi qimor o‘ynashni va uning turli shakllarida qatnashishning joiz emasligini va harom bo‘lishini ko‘rsatadi. Lotereya o‘yinlari ham qimor sirasiga kiradi.
Alloma Bijuriy qimorni quyidagicha ta’riflaydilar: "Foyda va zarar ko‘rish o‘rtasida borib-kelgan har qanday o‘yin qimordir". "Demak, ikki va undan ko‘p kishi orasida, o‘rtaga mulk tikib o‘ynaladigan va ziyon ko‘rish ehtimoli teng bo‘lgan, yutgan yutqizgandan olib ketadigan har qanday o‘yin qimor bo‘ladi" ("Badoi’us-sanoi’"). Lotereya o‘yinlari ham aynan shunday ko‘rinishga ega.
"Azhar fatvolari"da: "Lotereya o‘yinlari haromdir. Chunki ular qimor turlaridan biridir", deyiladi.
Lotereya o‘yinlarining ijtimoiy-axloqiy illatlari bilan birga ruhiyatga ham salbiy ta’sirlari bor. Lotereya o‘ynaydiganlar unga mukkasidan ketadi, ko‘pgina mol va vaqtini shu yo‘lda sarflaydi va ruhiyatida xayoliy narsalarga ishonish va iqtisodiy sabablarni ushlashdan dangasalik yuzaga keladi. Bunday kishilar oilalarida doimiy kelishmovchilik muhiti hukmron bo‘ladi.
Shu o‘rinda yana bir masalaga aniqlik kiritib o‘tish kerak. Majburiy lotereyalar qo‘liga tushib, unga yutuq chiqqan kishilar, bu yutuqlardan foydalanishlari mumkin emas. Balki yutuq mablag‘ yoki mulklarini savob umid qilmagan holda, ommaga manfaat yetadigan xayriya yo‘llarida ishlatib yuborishi kerak. Lotereya orqali xayriya ishlarini maqsad qilib ularni amaliyotga kiritish ham joiz emas. Islom shariatida "Maqsadlar vositalarni oqlamaydi" qoidasi joriy. Balki maqsad oliy bo‘lish bilan birga, vosita pokiza bo‘lishini ham talab etiladi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Alloh taolo pokdir, faqat pok narsani qabul qiladi" deganlar (Muslim rivoyat).
Alloh yanada bilguvchiroq.
Mubashshir Ahmad
Manba: azon.uz