O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklariga jismoniy shaxslarni nafaqat pasportlar, balki yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalari bilan ham identifikasiyalashga ruxsat berdi. Bu haqda MB matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.
Markaziy bank qarorida qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyundagi qarori bilan yangi haydovchilik guvohnomasi shaxsni tasdiqlovchi rasmiy hujjatlarga tenglashtirilgan. Hukumatning 2020 yil 22 maydagi yana bir qarori bilan esa fuqaroni doimiy yashash joyiga ro‘yxatdan o‘tkazishda pasportlarda, uy daftarchalarida yoki kartochkalarida ro‘yxatdan o‘tish muhrlaridan foydalanish amaliyoti bekor qilindi.
Bank mijozi bo‘lgan jismoniy shaxs yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi yoki muhrsiz pasport taqdim qilganda, tijorat banklari idoralararo platforma orqali qo‘shimcha ma’lumotlarni olishlari mumkin.