Sobiq hukumat rahbari 19 iyul kuni Dakkaning Muhammadpur tumanida bandlik kvotasiga qarshi namoyishlar chog‘ida otib o‘ldirilgan oziq-ovqat do‘koni egasi Abu Sayidning o‘limida ayblanmoqda. Bu haqda Bangladesh mahalliy nashrlariga tayanib, BBC nashri xabar berdi.
Shayx Hasinaga nisbatan polisiya tomonidan fuqarolik tartibsizliklari paytida bir kishining o‘ldirilishi yuzasidan qotillik bo‘yicha tergov ishi qo‘zg‘atilgan. Fuqarolardan keladigan da’volarga qarab tergov ishi yana kengaytirilishi mumkin.
Poytaxt Dakkada bir necha hafta davom etgan qonli tartibsizliklar ortidan avvalgi hukumatda faoliyat yuritgan yana olti nafar yuqori davlat amaldorlarining ham xatti-harakatlari tergov qilinmoqda. Amaldorlarga nisbatan davlat mulkini o‘marish, korrupsiya va fuqarolarga zo‘ravonlik qilish kabi ayblovlar qo‘yilgan.
Shayx Hasina o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni keskin rad etgan. Adolatni tiklash uchun sobiq bosh vazirni emas, balki namoyishlarni tashkil etganlarni jazoga tortishni talab qilgan.