Bangladesh maxsus tribunali Interpol xalqaro polisiyasiga murojaat qilib, hokimiyatdan ag‘darilgan sobiq bosh vazir Shayx Hasinani hibsga olish bo‘yicha «qizil bildirish» chiqarishni so‘radi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.
5 avgust kuni Hasina yaqin yordamchisi va sobiq vazirlari bilan Hindistonga qochib ketgandi.
Oktyabr o‘rtalarida Bangladesh xalqaro jinoiy tribunali mamlakat sobiq bosh vaziri Shayx Hasinani hibsga olishga order bergandi. Bangladeshni 20 yildan ortiq boshqargan sobiq bosh vazir yuzlab odamlar halok bo‘lgan namoyishlar chog‘ida «insoniyatga qarshi jinoyatlar»ga aloqadorlikda ayblanib, tribunal tomonidan qidirilmoqda.
77 yoshli Hasina qochib ketganidan beri ommaga ko‘rinish bermadi. Uni oxirgi marotaba Hindiston poytaxti yaqinidagi aviabazada ko‘rishgan — sobiq bosh vazir u yerda vertolyotda yetib borgan.