Bugun 16 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Balki siz yomon ko‘rgan narsada yaxshilik bordir

Balki siz yomon ko‘rgan narsada yaxshilik bordir

“Ular bilan totuv turmush kechiring. “Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz (bilib qo‘yingki), balki sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin” (Niso surasi, 19-oyat).

“Ular bilan totuv turmush kechiring”. Oyati karimadagi xitob erlarga  qaratilgan. Ya’ni: Er ayolining mahr va nafaqa kabi haqlarini ado etishi, unga yumshoq muomalada bo‘lishi lozim. Faqat gunoh ish sodir etsagina uning yuziga  g‘azablanib qarashi, beozor tanbeh berishi mumkin.

Qo‘pol munosabat muhabbatni ketkazib, adovatni keltirib chiqaradi. Ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Mo‘min ko‘p so‘kuvchi ham, ko‘p la’natlovchi ham, fahsh so‘zlarni aytuvchi ham, odobsiz ham bo‘lmaydi”, deb ogohlantirganlar» (Imom Termiziy). Ibn Munzir Ikrimadan rivoyat qilib aytadi: “Ayolingning sendagi haqi u bilan  go‘zal muomalada bo‘lishing, yaxshilik ila kiyintirib, yedirishingdir”.

Imom Qushayriy rahmatullohi alayh ushbu oyatni bunday tafsir qiladi: “Ayollaringizga dinni ta’lim bering, odob va go‘zal xulqlarni o‘rgating, ulardan yetadigan aziyatga sabr eting, toqatidan ortiq narsaga buyurmang, ularni xijolatga

qo‘yishdan saqlaning”.

Oila rahbari – erkakning ahli oilasini nafaqa bilan ta’minlashi ham oyatdagi: “Ular bilan totuv turmush kechiring”, xitobiga amal qilishga kiradi. Zero, Alloh taolo erkakni ayolga nisbatan quvvatliroq va turli mashaqqatlarga chidamliroq etib yaratgan. Chunki oilani nafaqa bilan ta’minlash erkakdan ko‘p mashaqqat talab qiladi. Er mashaqqatlar evaziga Allohdan savob umid etsa, hisobsiz ajrlarga erishadi. Aksincha, ahlining nafaqasi borasida beparvolik qilsa, gunohkor bo‘ladi. Zero, Nabiy alayhissalom hadislarining birida: “Kishi o‘z qaramog‘idagilarini nafaqasiz tashlab qo‘yishi uning qattiq gunohkorligiga kifoya qiladi”, deb ogohlantirganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ulamolarimiz: “Xotin eri uchun qanchalik o‘ziga oro bersa, er ham ayoli uchun  shunchalik xushbo‘ylanishi kerak”, deyishgan. Yahyo ibn Abdurahmon Hanzaliy bunday hikoya qiladi: «Muhammad ibn Hanafiyaning huzuriga bordim. U oldimga chiqdi. Soqolidan xushbo‘y taralib turardi. Men: “Bu nimasi?” deb so‘radim. Muhammad: “Biz ayollardan istagan narsamizni ular ham bizdan xohlashadi”, dedi».

Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Ayolim men uchun ziynatlanishni yaxshi ko‘rganidek, men ham uning uchun xushbo‘ylanishni yoqtiraman”, degan.

Ibn Atiyya bunday deydi: «Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilar: “Ayollar bilan yaxshi muomalada bo‘ling” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati). Ya’ni, ayol kishidan biror nomaqbul ish sodir bo‘lsa-da, yomon muomala qilmang. Balki muloyimlik bilan isloh qilishga urining. Aks holda, uning noroziligi ajrimga olib kelishi mumkin».

Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz (bilib qo‘yingki), balki sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin”. Ayolingiz buzuqlik yoki bo‘ysunmaslik kabi gunohi kabira qilmasa, uni faqat  xunukligi yoki yomon xulqi sabab yoqtirmasangiz, bilingki, Parvardigor sizni dunyoga keltiradigan solih farzandlar bilan siylashi mumkin. Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayh: “Agar ahli oilangizni yomon xulqi yoki aziyat beruvchi tiliga sabr qilsangiz, Alloh taolo shu ishingiz evaziga ayolingizdan  ko‘zingizni quvnatadigan va oxiratda  ko‘plab savoblar olishingizga sabab bo‘ladigan farzandlarni ato etadi”, deb tafsir qilgan.

Makhul aytadi: «Abu Bakr ibn Abdurahmon bunday hikoya qildi: “Shayx Abu Muhammad Ibn Zayd ilmli va ma’rifatli inson edi. Yomon axloqli ayoli bo‘lib, erining haqlarini to‘liq ado etmasdi. Unga tili bilan ozor yetkazar­di. Odamlar shayxga ayolining qiliqlariga sabr qilib o‘tirmasdan, tiyib qo‘yishi kerakligini ta’kidlashardi. Shayx: “Men er kishiman. Alloh taolo tanamga salomatlik berdi va meni ma’rifatli qildi. Shoyad ayolimni gunohlarimga kafforat etib yuborgan bo‘lsa. Agar u bilan ajrashsam, menga bundan ko‘ra qattiqroq uqubat berishidan qo‘rqaman”, derdi».

Abu Ja’far aytadi: “Garchi ayolingizni yoqtirmasangiz ham, u bilan totuv yashang. Shoyad ularni ushlab turishingizda ko‘plab yaxshiliklar bo‘lsa. Ulardan farzand ko‘rarsiz yoki ularni yoqtirmaganingizdan so‘ng, yana yaxshi ko‘rib qolishingiz mumkin”. Mujohid aytadi: “Uni yoqtirmasangiz ham, u bilan totuv yashang. Shoyad Alloh shu tufayli sizga ko‘pgina yaxshiliklar bersa”.

Sa’diy rahimahulloh: “ko‘pgina yaxshilik”dan murod “farzand”, deb aytgan. Ibn Abbos: «“ko‘pgina yaxshilik”, unga qayta ko‘ngli tushib, undan farzand ko‘radi va o‘sha farzandda ko‘pgina yaxshilik bo‘ladi», deb fikr bildirgan.

Darhaqiqat, oyati karimaning ma’nosi juda ko‘p hikmatlarni o‘zida qamragan. Agar mo‘min Parvardigor buyruqlariga amal qilsa, Uning fazli ila behisob yaxshiliklarga sazovor bo‘ladi. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Mo‘min mo‘mina ayolini yomon ko‘rmasin. Agar uning xulq-atvoridan birini yomon ko‘rsa, boshqa xulqini yoqtirishi mumkin”, deya ta’lim berganlar (Imom Muslim rivoyati).

Alloh taolo har bir insonga o‘ziga yarasha qobiliyat va xulq-atvor bergan. Astoydil harakat qilinsa, Allohning tavfiqi bilan inson o‘zidagi salbiy sifatlarni tuzatib, uning o‘rniga ijobiy va maqtalgan sifatlarni qaror toptirishi mumkin. Alloh taolo bizga oyati karima va hadisi shariflar hamda ulamolarimiz nasihatlariga amal qilishni nasib etsin.

Imom Qurtubiy, Imom Tabariy, Imom Nasafiy, Ibn Hajar Asqaloniy asarlari asosida

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi doktoranti

Abdushukur MURODOV tayyorladi.

“Mo‘minalar” jurnalining 2019 yil, 8-sonidan

Kiritildi: 23:02 10.10.2019. O'qildi: 5931 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!