✅ So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi va genetik omillar sababli dunyo aholisi orasida nafas a’zolari xastaliklari, xususan, bronxial astmaga chalinish ortib bormoqda.
❓ Xo‘sh, bunday bemorlar kasallik profilaktikasi, tashxisi va undan samarali davolanish uchun nimalarga e’tibor berishi lozim?
👨⚕️SSV Matbuot xizmatining shu kabi savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi diagnostika bo‘limi shifokori, oliy toifali pulmonolog Xayrullo Rajabov javob berdi.
🔬 — Bronxial astma – nafas yo‘llarining surunkali yallig‘lanishi bo‘lib, dunyo aholisining o‘rtacha 5 foizida uchraydi. Bu ko‘rsatkich bolalar orasida yanada ko‘proq — o‘rtacha 10 foizni tashkil etadi, — deydi mutaxassis.
😮💨 — Ushbu kasallik asosan bahor-kuz oylarida avj olib, quruq yo‘tal, nafas qisish xurujlari, hansirash, ko‘krakda og‘irlik hissining paydo bo‘lishi kabi simptomlar bilan namoyon bo‘ladi.
➡️ Bu holatlar, asosan, tunda yoki erta saharda kuzatiladi. Xastalik xuruji ko‘pincha dori ta’sirida ortga qaytadi. Bronxial astmani, asosan, quyidagi omillar keltirib chiqaradi:
🟣 genetik moyillik, atopiya, nafas yo‘llari giperreaktivligi;
🟣 tashqi va uy allergenlari (chang, uy changlari, o‘simlik changlari, uy hayvonlari yungi);
🟣 chekish;
🟣 respirator infeksiyalar;
🟣 bahorgi gul changlari;
🟣 parazitar invaziya va ayrim oziq-ovqat va dori vositalari.
🩺 Bronxial astmaning qanday kechishi uning qanchalik erta aniqlanishiga bog‘liq. Agar kasallik o‘z vaqtida muolaja qilinib, bemor shifokor ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qilsa, xastalikni to‘liq nazorat qilish mumkin.
🧪 Bu esa bemor hayot tarzini yaxshilaydi va uning alomatlarini uzoq muddatga zaiflashuviga sabab bo‘ladi.
😶🌫️ Kasallikni davolash, astma xurujlari sonini kamaytirish uchun bemorning bronxospazm boshlanishiga turtki bo‘lgan allergen bilan aloqasini cheklash lozim.
📌 Xususan:
✅ xona havosini tez-tez almashtirish va chang zarralaridan tozalash;
✅ havo tozalagichlar va kondisionerdan foydalanish;
✅ havo quruqligiga qarshi namlagichlarni qo‘llash;
✅ bemor uchun barqaror, qulay xona haroratini saqlash uchun iqlim nazoratini o‘rnatish;
✅ turli zararli hasharotlar, ayniqsa, suvaraklarni yo‘q qilish;
✅ allergiya qo‘zg‘amaydigan choyshabdan foydalanish;
✅ yungli gilamlardan voz kechish;
✅ diyeta qilish kerak.
‼️ Eng muhimi, bemor shifokor nazorati ostida davolanishi, zarur tavsiyalarga qat’iy amal qilishi zarur.