Bugun 19 mart, 2024 yil, seshanba

КИР

«Ayting-chi, Kusherbayev, boshqa deputatlar qayerda?»

«Ayting-chi, Kusherbayev, boshqa deputatlar qayerda?»

Bu savolning javobi hamon ochiq qolmoqda. Na Senat a’zolari, na Qonunchilik palatasi vakillari bir hafta davomida mazkur so‘rovga munosabat bildirishmadi. Nahotki ular rostdan ham “yo‘qolib” qolgan bo‘lsa?..

Ba’zan hayron qolaman: nega jurnalist va blogerlar ko‘rib turgan narsani deputatlar bilmaydi? Nima uchun aholining barcha qatlamlari eshitgan xabarlardan xalq noiblari bexabar? Axir, saylovlardan oldingi va’dalar boshqacha edi-ku! Yo‘qsa, nega yuqoridagi savol ochiq qolayotir? Mana, men bu yoqdaman, “Human” masalasini hukumatga kirityapman, elektorat tarafini olyapman, saylovchi manfaatini himoya qilyapman, Oltinsoy voqealarini joyida o‘rganyapman, demadi?
To‘g‘ri, vaqtingiz tig‘iz. O‘qiladigan qonun loyihalari, qatnashadigan turfa tadbiru majlislar nihoyatda ko‘p. Har birining mag‘zini chaqishga intilganingizdan bosh qashishga ketadigan soniyalarni ham qizg‘anasiz. Lekin, ochig‘ini aytay, fraksiya telegramm kanali va ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalaringizda bu umuman sezilmayapti. Xafa bo‘lmang, aksincha taassurot qoldiryapsiz. “Kuzatuv” mualliflarining diqqatini tabrik yozishdan o‘zgasiga jalb qila olmayapsiz (qutlovlarga “lichka” borligi xususida aql o‘rgatishdan yiroqmiz). “Prosto sladkiy stol”ingiz esa oniy lahzalarda virtual olamga tarqaldi. “Kuzatuv” shunisi bilan qiziq-da, axir. (Yanatag‘in, avval ogohlantirmagansiz deya o‘kinmang – gazetaning 5-sonida anons berilgandi.) Darvoqe, 6-sondagi sizning faoliyatingizga oid maqoladan iqtibos: “Mana, nima uchun qonunlarimizda o‘zbekcha ruh yo‘q? Mana, nima uchun real hayotimizga mos va xos tushunchalar kam?”. Felyeton o‘rnidagi fikrlar bilan to‘liq tanishsangiz, larzaga tushishingiz aniq. Afsus ki, bunga ham vaqtingiz yo‘q-da. Fermer va tadbirkorlarning majburiy a’zoligi haqida qonun qabul qilganingiz yodimizda (minglab e’tirozlarga qaramay). Balki siyosatchilarga gazeta o‘qish majburiyatini qonunan yuklashga ko‘mak berarsiz endi?! Matbuotni shu yo‘l bilan ham tanazzuldan saqlab qolish mumkin. O‘zLiDeP fraksiyasi telegramm kanalida hafta davomida Toirjonu Nodirjonlar ko‘p eslangani “kuzatuv”chilarimizning alohida e’tiborini tortdi. Hamkasbga salomatlik tilash, samimiy istaklarni bildirish kerak, albatta. Biroq bu kanal kelib tushayotgan qonun loyihalarining nuqsonlarini to‘g‘rilash, kamchiliklarini to‘ldirish, uning yo‘nalishini, mazmun-mohiyatini partiya elektorati manfaatiga burish uchun maslahatlashuv maydoni, tezkor fikr almashishning elektron imkoniyati ekanini yoddan chiqarmaylik. Fraksiya yig‘ilishida vaqtni oladigan savollarning ko‘pini shu kanalda ko‘rib chiqsa, har kim o‘z xonasida o‘tirib loyihani pishitishga bemalol hissa qo‘shsa bo‘ladi. Ilgari bunday qulaylik qayoqda edi. Hassos adib aytganidek, atomning kuchini o‘tin yorishga sarflamaylik. Qani muhokama, tesha tegmagan mulohazalar-chi?  Saviya va savod masalasidan avval deputatlarning hammasi ham qonun loyihalari matnini astoydil o‘qimasligi bor gapligini ta’kidlash joiz. Buni muhokama paytidagi savollarning o‘ta jo‘nligi yoxud mavzuni chetlab o‘tishdek “isitma”si hamisha fosh qilib turadi. Ishoning, bu fakt!    Hech bo‘lmasa, atoqli otlarni to‘g‘ri yozishni o‘rganaylik, loqaydlik va mudroqlikka “ta’til” beraylik. Har qalay, Oliy Majlis deputatisiz-ku? Qo‘lga ilingan narsani kanalga tashlab, o‘zimizni ham, partiya va parlamentimizni ham xijolatga qo‘ymaylik! Kanalda “xayot” degan yangi so‘z kashf qilinadi, deb sira o‘ylamagandim. Yana deng, Lev Tolstoy tomonidan. Balki Lev buva o‘zbekchani yaxshi bilmagani uchun “hayot”ni uchta xato bilan yozib qo‘ygan bo‘lsa kerak!? To‘g‘ri aytasiz, boshqa millatga mansub insonlarni uchta xatosi uchun urishib bo‘lmaydi... Tan olaylik, partiyadoshlarimizga nafi tegadigan muhokama ham uchradi. Uchrashuvlarda O‘zLiDeP ramzlari ko‘rinarli joyga qo‘yilmagani bilan bog‘liq munozara shunga misol. Fraksiya a’zosi Erkin Zohidov bu vahima ko‘tarishga arzimas masala deb hisoblamoqda. Yo‘q, bu aynan o‘sha uchrashuvni to‘xtatib, zudlik bilan tuzatish kerak bo‘lgan ish (ayniqsa, o‘sha yerda raqobatchi partiya bayrog‘i turgan bo‘lsa)! “Kuzatuv”chilar faqat tirnoq ostidan kir qidirar ekan, demasligingiz uchun, kezi kelganda, boshqa blogerlarning sizning faoliyatingiz xususidagi ochiq fikrlarini keltirib o‘tmoqchimiz. Masalan, “Yangi O‘zbekistonda yangi parlament shakllanganidan keyin ijobiy o‘zgarishlardan umidvormiz. Ammo hozircha biror katta ijobiy signal sezishga ulgurmadik”, deb yozdi Xushnudbek.uz Oliy Majlis deputatlari haqida. Aslida, shu gapning o‘zi ma’naviy tarsakidir. Yoki ikki kundan buyon barcha ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan “Siz meni saylamagansiz, bundan keyin ham saylamaysiz... saylamasangiz ham mayli” degan gaplarni olaylik. Savol tug‘iladi: nazariy jihatdan umuman boshqa okrugda yashaydigan fuqaro boshqa okrugdan saylangan deputatga e’tiroz bildirib, undan biror narsani talab qila olmaydimi? Talab qila oladi, qilganda qandoq! Chunki barcha deputatlar qaysi okrugdan saylanganidan, kimlar ovoz bergan-u, kim ovoz bermaganidan qat’i nazar, fuqarolar to‘lagan soliqlar evaziga davlat byudjetidan maosh oladi. Ya’ni, deputatlarni XALQ BOQADI... Mana shuning o‘zi eng katta asos emasmi?! O‘zbekistonning qay bir hududida umrguzaronlik qilishingizdan qat’i nazar, xoh Namangan bo‘lsin, xoh Jizzax, is
talgan deputatga e’tiroz bildira olasiz, istalgan deputatga qonun doirasida talab qo‘ya olasiz (adliya vaziri Ruslan Davletov ham katta anjumanda shu mazmunda fikr bildirdi). Ular bizning hisobimizdan “Mersedes”u “Malibu” kabi xizmat mashinalarida yurishibdi. Bizning hisobimizdan imtiyozli shartlarda uy-joy olishyapti. Nafaqat har bir deputat, balki har bir davlat xizmatchisi mana shu oltin qoidani har lahza yodida tutishi, hech qachon unutmasligi kerak. Bor gap shu! Muxtasar xulosa o‘rnida yana bir tavsiya: jamiyatda yuz berayotgan voqea-hodisalarga deputat munosabati “Munosabat” ko‘rsatuvida qatnashish bilan cheklanmasa yaxshi edi. Bitta tok-shouda bitta fraksiyadan 11 kishiga (jumladan, 19 fevraldagi sonida) nima bor? Tushunaman, ro‘yxatga kiritilgandan keyin borishga majburmiz, demoqchisiz. Lekin yana mantiqni unutyapsiz: gazeta o‘qishga, maqola yozishga majbur emassiz-ku!?  Ommaviy axborot vositalarining barchasi bir xil qonunlar bo‘yicha ishlasa, TVga chiqish qanaqa majburiyat bo‘lishi mumkin?! Qani mantiq?! Mayli, qancha xohlasangiz, shuncha boring! Faqat bu noyob imkoniyatdan hech bo‘lmasa Chinozdan saylangan hamkasbingiz singari unumli foydalaning! Tomoshabin bo‘lib kelishdan ne naf? Ana shunda keng jamoatchilikda “Ayting-chi, Kusherbayev, boshqa deputatlar qayerda?” degan haqli va javobi ko‘pchilikka og‘ir keladigan savol tug‘ilmaydi. Unutmang, siz hamon “kuzatuv”dasiz.


Ozod RAJABOV,

“XXI asr” muxbiri

Kiritildi: 16:32 21.02.2020. O'qildi: 4248 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!