Ozarbayjon–O‘zbekiston investisiya kompaniyasi (AUIK) O‘zbekistonda oliy ta’lim, raqamli infratuzilma va chakana savdo sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalarga yangi investisiyalar kiritilganini ma’lum qildi.
Ta’lim sohasida AUIK Toshkent shahrida joylashgan, “Cintana Education” va “Arizona State University” bilan hamkorlikda faoliyat yuritayotgan “American University of Technology” ustav kapitaliga kirdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalar hajmi 2 million AQSh dollarini tashkil etdi. Mablag‘lar universitet infratuzilmasini rivojlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo‘naltiriladi. AUIK ushbu loyihadagi ishtirokini raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladigan zamonaviy akademik muhitni shakllantirish, shuningdek, mamlakatning ilmiy-ta’lim salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan amaliy hissa sifatida baholaydi.
«Loyiha xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim va boshqaruv amaliyotlarini joriy etish, shuningdek, O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimining institusional rivojini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan», — deya ma’lum qildi kompaniya vakili.
O‘zbekistonda raqamli infratuzilmaning rivojlanishi data-markazlar, hisoblash quvvatlari va IT-echimlarga bo‘lgan talabning o‘sishi bilan kechmoqda. Shunga ko‘ra, texnologik sektorda AUIK “Engineering+” kompaniyasi bilan qo‘shma korxonaga 1,7 million AQSh dollari miqdorida investisiya kiritdi. Loyiha ICE+ immersion sovitish texnologiyasi asosida yangi avlod data-markazlari uskunalarini, jumladan mikro-SODlar va sun’iy intellekt hamda bulutli hisoblash vazifalari uchun yuqori unumli serverlarni mahalliylashtirgan holda ishlab chiqarishni nazarda tutadi. Ishlab chiqarish ichki bozorga, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlariga eksportga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, kompaniya mahalliy chakana savdo tarmog‘iga 15 million AQSh dollari miqdorida investisiya kiritdi. Bitim tarmoqni kengaytirish, logistika infratuzilmasini hamda operasion jarayonlarni rivojlantirishga qaratilgan.
Avvalroq ma’lum qilinganidek, alohida loyihalarga kiritilayotgan investisiyalar hajmi 1 milliondan 25 million AQSh dollarigacha bo‘lib, sarmoyalar ta’lim, ishlab chiqarish, logistika, sog‘liqni saqlash va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash kabi iqtisodiyotning qator sohalaridagi loyihalarga yo‘naltirilgan.