Toshkent shahar IIBB talabalar va ularning ota-onalariga muhim ogohlantiruv bilan chiqdi: boshqarma ularni “ijarachi” firibgarlarga aldanib qolmaslikka chaqirmoqda.
Ma’lum qilinishicha, o‘quv yili boshlanish arafasida respublikaning turli hududlaridan Toshkent shahriga kelayotgan talabalar va ularning yaqinlarini firibgarlar tomonidan aldash holatlari ko‘paygan. Ushbu holatlar asosan internetga joylashtirilgan arzon ijara uylar e’lonlari orqali amalga oshirilmoqda.
“Firibgarlar o‘zlariga tegishli bo‘lmagan xonadonlarning suratlarini internetga joylashtirib, arzon narxda ijaraga berish taklifini bildirishadi. Talabalar va ularning ota-onalari shunday narxlarni ko‘rib, uyni olish maqsadida aloqaga chiqishadi. Firibgarlar esa uyni saqlab qo‘yish yoki 2 oylik to‘lov kerak, deb oldindan pul talab qilishadi. Afsuski, to‘lov amalga oshirilganidan so‘ng ular aloqani uzib, ijtimoiy tarmoqlarda bloklaydi. Oqibatda na uy, na pul qoladi”, deyiladi ogohlantiruvda.
Boshqarma firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun qator tavsiyalar bergan. Xususan, hech qachon uyni ko‘rmasdan turib, oldindan to‘lovni amalga oshirmaslikni, har qanday ijara shartnomasini uyni ko‘rgan holda egasi bilan shaxsan uchrashgach tuzishni, shaxsiy ma’lumotlarni ishonch hosil qilmaguncha begona shaxslarga yubormaslikni so‘ragan.