Bu haqda Venesuela Ichki ishlar vaziri Diosdado Kabelyoning so‘zlariga tayanib, Reuters xabar berdi.
"Bu xiyonatkorona hujum bo‘ldi. Hozirgi paytda 100 nafar odam o‘ldirilgani ma’lum. Ularning ko‘pchiligi hayotini endi boshlagan, bu voqeaga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan yoshlar edi", degan Kabelyo.
Venesuela IIV rahbarining ma’lum qilishicha, prezident Nikolas Maduro AQSh maxsus kuchlari tomonidan qo‘lga olinishi chog‘ida oyog‘idan jarohat olgan, birinchi xonim Siliya Flores esa boshidan jarohatlangan.
AQSh rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, Karakasga uyushtirilgan hujum davomida taxminan 75 kishi halok bo‘lgan. Ular orasida tinch aholi vakillari, shuningdek, Venesuela va Kuba xavfsizlik kuchlari xodimlari bo‘lgan. Bundan tashqari, bir nechta amerikalik harbiy yaralangan.
Kuba esa AQSh bilan bo‘lgan to‘qnashuvlarda 32 nafar fuqarosi halok bo‘lganini bildirgan. Mamlakat rasmiylarining bayonotiga ko‘ra, ular Venesuela so‘roviga binoan Maduroning xavfsizligini ta’minlayotgan bo‘lgan.