AQShning USS Tripoli desant kemasi Fors ko‘rfaziga yetib keldi. Uning bortida taxminan 3500 nafar dengizchi va dengiz piyodalari, shuningdek harbiy samolyotlar va qurol-yarog‘ joylashgan. Bu haqda AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) 28 mart kuni ma’lum qildi, missiya tafsilotlari oshkor etilmagan.
CENTCOM bayonotiga ko‘ra, «Amerika» sinfidagi ushbu desant kemasi Tripoli desant guruhi hamda 31-ekspedision dengiz piyodalari korpusining flagmani hisoblanadi. Uning tarkibiga taxminan 3500 nafar harbiy, shu jumladan transport va zarba beruvchi qiruvchi samolyotlar, desant va taktik vositalar kiradi.
Shuningdek, Yaqin Sharqqa yo‘l olgan yana uchta kema, jumladan USS Boxer desant kemasi ham qo‘shimcha elita bo‘linmalarni olib kelmoqda.
24 mart kuni ommaviy axborot vositalari AQSh mintaqada yana 2000 nafar desantchi joylashtirishini, shu orqali umumiy harbiylar soni 7000 nafarga yetishini xabar qilgan edi. Taxminlarga ko‘ra, amerikalik harbiylar Fors ko‘rfazining shimolida joylashgan, Eron neft eksportining asosiy markazlaridan biri bo‘lgan Xark orolini nazoratga olish operasiyasida ishtirok etishi mumkin. The Washington Post ma’lumotiga ko‘ra, Pentagon Eron hududida bir necha hafta davom etadigan quruqlik operasiyasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.