AQSh harbiy sudi 2001 yil 11 sentyabr teraktlarini uyushtirishda ayblanayotgan Xolid Shayx Muhammad va uning uch sherigi ustidan sud jarayonini 2028 yil 5 iyunga belgiladi. Bu haqda "Reuters" sud hujjatiga tayanib xabar berdi.
Qarorni AQSh Harbiy-havo kuchlari podpolkovnigi, sudya Maykl Shrama qabul qildi. Jarayon Kubadagi Guantanamo harbiy bazasida o‘tkaziladi.
5 iyun kuni ishning mazmunan ko‘rib chiqilishi emas, harbiy xizmatchilardan iborat hay’atni tanlash boshlanadi. Ushbu harbiy hay’at ayblanuvchilarning aybdor yoki aybsizligini aniqlab, hukm chiqarishda ishtirok etadi.
Kirish nutqlari hay’at shakllantirilganidan 30 kun o‘tib boshlanadi. Shundan so‘ng ayblov va himoya tomoni dalillarini taqdim etadi.
Xolid Shayx Muhammad bilan birga Valid bin Attosh, Mustafo al-Havsaviy va Ali Abdul Aziz Ali sudlanadi. Ular 2001 yil 11 sentyabrda yo‘lovchi samolyotlarini olib qochish, Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi va Pentagonga hujumlarni tayyorlashda ayblanmoqda. Teraktlar oqibatida 2977 kishi halok bo‘lgan. Ayblanuvchilarga o‘lim jazosi tayinlanishi mumkin.
Prokurorlar sudni 2027 yil yanvarda boshlashni taklif qilgan edi. Biroq sudya bu vaqtgacha dalillarni qabul qilish va boshqa dastlabki masalalarni hal etish imkonsizligini bildirib, taklifni rad etdi.
Avvalroq ayblanuvchilar bilan kelishuv tuzilib, ular aybini tan olishi evaziga o‘lim jazosi o‘rniga shartli ozodlik huquqisiz umrbod qamoq jazosi olishi ko‘zda tutilgan edi. Keyinchalik ushbu kelishuv bekor qilindi.
Xolid Shayx Muhammad 2003 yilda Pokistonda qo‘lga olingan va 2006 yildan beri Guantanamoda saqlanmoqda. Ish bo‘yicha dastlabki sud muhokamalari 2012 yilda boshlangan, ammo dalillar, so‘roq usullari va prosessual masalalarga oid bahslar tufayli asosiy jarayon bir necha bor kechiktirilgan.
Kiritildi: 12:24 28.08.2026.
O'qildi: 583 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.