Bu haqda Reuters xabar berdi.
"Qo‘shma Shtatlarda minglab odamlar prezident Donald Tramp va uning ma’muriyati olib borayotgan siyosatga qarshi No Kings (“Qirollarga o‘rin yo‘q”) shiori ostidagi ommaviy norozilik namoyishlariga chiqdi. Tashkilotchilar mamlakatning barcha 50 shtatda bir vaqtning o‘zida 3200 dan ortiq tadbir o‘tkazilishini e’lon qildi", deya xabar bermoqda agentlik.
Asosiy norozilik aksiyalari Nyu-York, Los Anjeles, Vashington va Minneapolis shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, tashkilotchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishchilarning uchdan ikki qismi yirik shahar markazlaridan tashqarida to‘planishi kutilmoqda.
Miting ishtirokchilari ko‘chalarga “Qirollarga o‘rin yo‘q”, “Trampni to‘xtating, demokratiyani saqlab qoling”, “Tramp aqldan ozdi”, “AQSh Immigrasiya va bojxona nazorati xizmatini tugating”, “Boshqa urushlar bo‘lmasin” kabi plakatlar ko‘tarib chiqishgan.
Nyu-York shtati bosh prokurori Letisiya Jeymsning ta’kidlashicha, u va bugun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlariga qo‘shiladigan minglab odamlar demokratiya himoyasi uchun kurashmoqda.
"Biz qonun ustuvorligi, tiyib turish va muvozanat tizimi hamda hokimiyat xalqqa tegishli ekani haqidagi fundamental g‘oyaga asoslangan millatmiz. Ayni damda bu tamoyillar sinovdan o‘tmoqda", — deya fikr bildirdi prokuror.