AQShda maxsus operasiyalar ishtirokchisi bo‘lgan harbiy xizmatchi maxfiy ma’lumotlardan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanganlikda gumon qilinib qo‘lga olindi. Bu haqda mamlakat Adliya vazirligiga tayanib, ABC News xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy xizmatchi Gennon Ken Van Dayk Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning hokimiyatdan chetlatilishi borasidagi bashorat bozorida («prediction market») yirik miqdorda pul tikkan. U Polymarket platformasida 33 ming dollardan ortiq mablag‘ tikib, yakunda 400 ming dollardan ziyod daromad olgan.
Shubhali tranzaksiyalar AQSh prezidenti Donald Tramp Maduroni qo‘lga olish operasiyasi haqida rasmiy bayonot berishidan bir necha kun oldin amalga oshirilgan. Bu holat ichki ma’lumotlardan (insayderlik) foydalanilgani bo‘yicha shubhalarni keltirib chiqardi va bir oylik tergovga asos bo‘ldi.
Ayblov hujjatlariga ko‘ra, Van Dayk quyidagilarda ayblanmoqda:
Maxfiy hukumat ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanish;
Firibgarlik va moliyaviy qonunbuzarliklar;
Izlarni yashirish maqsadida akkauntlarni o‘chirish va elektron manzillarni o‘zgartirish.
Ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchi «Absolute Resolve» operasiyasi doirasida bevosita harakatlarda qatnashgan bo‘lishi mumkin. U, shuningdek, Maduro olib ketilgan USS Iwo Jima kemasida tushgan suratlarda ham qayd etilgan.
Polymarket vakillari shubhali operasiyalar haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘z vaqtida xabar berilganini bildirdi. Kompaniya bayonotida tizimda «insayder savdosiga o‘rin yo‘q» ekani ta’kidlangan.
Mutaxassislarning qayd etishicha, bu AQSh tarixida bashorat bozorlarida insayderlik savdosi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan birinchi jinoiy ish hisoblanadi. Bu kabi holatlar yangi texnologiyalar va moliyaviy platformalar davrida qonunchilikni qo‘llashda yangicha qiyinchiliklar tug‘dirishi aytilmoqda.
Hozirda gumonlanuvchining advokati bor-yo‘qligi haqida aniq ma’lumot berilmagan.