AQSh yuqori malakali ishchilar uchun H-1B vizalariga ariza beruvchilarni tekshirishni kuchaytiradi — Associated Press.
Agentlik bu haqda AQSh Davlat departamentining ichki yo‘riqnomasiga tayanib xabar bermoqda.
Qo‘shma Shtatlarning barcha diplomatik vakolatxonalariga yuborilgan telegrammada konsullik xodimlari H-1B vizalari uchun ariza beruvchilar va ular bilan sayohat qiladigan oila a’zolarining rezyumelari yoki LinkedIn profillarini dezinformasiya tarqatish, kontent moderasiyasi va boshqa sohalarda tajribaga ega ekanliklarini tekshirishlari kerakligi aytilgan.
"Agar siz ariza beruvchining Qo‘shma Shtatlarda qonun bilan himoyalangan fikr bildirish shakllarini senzuralash yoki senzura qilishga urinishda aybdor ekani yoxud bunday harakatlarda ishtirok etgani to‘g‘risida dalillar topsangiz, arizachini viza olish huquqiga ega emas deb e’tirof etishga intilishingiz lozim", deyiladi Davlat departamenti telegrammasida.
2025 yil iyun oyida AQSh Davlat departamenti talabalar vizalari uchun ariza beruvchilarni tekshirishni sezilarli darajada kuchaytirgan va konsullik xodimlariga “AQSh fuqarolari, madaniyati, hukumati, muassasalari yoki asosiy tamoyillariga dushmanlik bilan qaraydigan” shaxslarni aniqlash uchun ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarni tekshirishni buyurgandi.
Bundan tashqari, avgust oyida Tramp ma’muriyati migrantlarning ijtimoiy tarmoqlarini yashash, ish va boshqa turdagi vizalarni olish uchun arizalarni ko‘rib chiqishda “Amerikaga qarshi mafkuralar” mavjudligini tekshirishni rejalashtirayotgani e’lon bo‘lgandi.