Ukraina mojarosida kutilmagan va ziddiyatli burilish yuz bermoqda. Prezident Vladimir Zelenskiyning Reuters agentligiga bergan intervyusiga ko‘ra, Vashington Kiyev oldiga xavfsizlik kafolatlari evaziga o‘ta og‘ir shartni qo‘ygan.
Xabarlarga ko‘ra, AQSh ma’muriyati Ukrainani o‘z qurolli kuchlarini Donbass hududidan olib chiqishga chaqirmoqda. Oq uy faqat shu shart bajarilgandagina keng ko‘lamli xavfsizlik kelishuvlari va diplomatik jarayonlarni boshlashga tayyor ekanini bildirgan. Bu holat Vashingtonning mojaroni tezroq muzokaralar stoliga ko‘chirish istagidan dalolat berishi mumkin.
Ukraina prezidenti bunday taklifga nisbatan o‘ta ehtiyotkor va tanqidiy munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Sharqiy Ukrainadan qo‘shinlarning chiqarilishi nafaqat mamlakat mudofaasini zaiflashtiradi, balki butun Yevropa xavfsizlik tizimini xavf ostida qoldiradi.
«Sharqiy hududlar milliy mudofaamizning umurtqa pog‘onasidir. Ularga ikkinchi darajali masala sifatida qarab bo‘lmaydi», — dedi Zelenskiy.
Mazkur masala Mayamida bo‘lib o‘tgan AQSh va Ukraina delegasiyalarining uchrashuvida ham asosiy mavzulardan biri bo‘lgan. E’tiborli jihati shundaki, Donbassdan qo‘shinlarni chiqarish avvalroq Rossiya tomonidan tinchlik muzokaralari uchun asosiy shart sifatida ilgari surilgan edi. Endilikda bu talabning Vashington tomonidan yangrashi Kiyev uchun vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.
Kuzatuvchilarning fikricha, AQSh harbiy yordamni diplomatik bosim bilan uyg‘unlashtirish orqali Kiyevni murosaga undashga harakat qilmoqda. Ukraina esa hududiy yaxlitlik va xavfsizlik masalasida yon berish ortga qaytarib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishidan xavotirda.